Xalq qabulxonasida 200 ga yaqin fuqaro tinglandi
Bir qarashda turlicha tuyulgan murojaatlarning ortida bitta umumiy maqsad — muammoga yechim topish istagi turibdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatidagi Xalq qabulxonasida viloyat hokimi Erkinjon Turdimovning navbatdagi shaxsiy qabulida 200 nafarga yaqin fuqaroning murojaati eshitildi.
Qabulda fuqarolar uy-joy, yer va kadastrdan tortib, ijtimoiy himoya, ishga joylashish, tadbirkorlik, ta’lim va kommunal xizmatlargacha bo‘lgan masalalarni ko‘tardi.
Murojaatlar orasida uy-joy, yer va kadastr masalalari salmoqli o‘rinni egalladi — bu yo‘nalishda 73 ta murojaat kelib tushdi. Ijtimoiy himoya, moddiy yordam va davolanish bo‘yicha 32 ta, kredit va tadbirkorlik masalalari yuzasidan 26 ta murojaat qabul qilindi.
Shuningdek, ishga joylashish, ta’lim kontrakti to‘lovi, aliment va ish haqini undirish, ichki yo‘llar, ichimlik suvi hamda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham o‘rtaga tashlandi.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Guliston shahri aholisiga to‘g‘ri keldi — 47 nafar fuqaro qabulda ishtirok etdi. Boyovut va Mirzaobod tumanlaridan 23 nafardan murojaatchi keldi.

Qabul jarayonida masalani eshitish bilan kifoyalanilmadi. Murojaatning qancha vaqtdan buyon hal etilmayotgani, fuqaro avval qaysi idoralarga murojaat qilgani va nima sababdan natija bo‘lmagani mas’ullardan so‘raldi.


— Qabulda murojaatlarni faqat qayd etish bilan cheklanib qolmadik. Har bir masalaning kelib chiqish sabablari, qancha vaqtdan buyon hal etilmayotgani, fuqaro bu borada qaysi idoralarga murojaat qilgani va nega natija bo‘lmagani atroflicha o‘rganildi. Murojaatlarning yechimiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi, — deydi Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari, hokimning axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Manuchehr Mirzayev.

Joyida hal etish mumkin bo‘lgan masalalar bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi. Qo‘shimcha o‘rganish talab etadigan murojaatlar yuzasidan esa aniq vazifalar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
Shaxsiy qabulda bildirilgan har bir murojaatning ortida muayyan insonning muammosi turgani inobatga olinib, masalalarni chuqur o‘rganish va amaliy yechim topishga e’tibor qaratildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri