Xalq qabulxonalariga qancha murojaat kelib tushgan?
2026-yilning yanvar–sentabr oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar tahlili aholi tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar, hududlar kesimidagi faollik hamda davlat tashkilotlari faoliyatiga oid muhim ko‘rsatkichlarni namoyon etdi.
Joriy yilning yanvar–sentabr oylarida jismoniy va yuridik shaxslardan jami 156 mingta murojaat kelib tushdi. Shu bilan birga, 17 ming 686 ta takroriy murojaat va 1 ming 135 ta jamoaviy murojaat qayd etilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga kam. Murojaatlar tahlili hududlar kesimida Qashqadaryo viloyati, tashkilotlar orasida Ijtimoiy himoya milliy agentligi, ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha esa bolalar nafaqasi bilan bog‘liq murojaatlar yetakchi o‘rinda turganini ko‘rsatmoqda.
Hududlar kesimidagi tahlilga ko‘ra, eng ko‘p murojaat Qashqadaryo viloyatidan kelib tushgan bo‘lib, ularning soni 16,8 mingtani tashkil etgan.
Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo viloyati va Samarqand viloyati 16,4 mingtadan murojaat bilan qayd etilgan. Toshkent shahri esa 16,2 mingta murojaat bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan.
Tashkilotlar kesimida eng ko‘p murojaat O‘zbekiston Respublikasi Ijtimoiy himoya milliy agentligiga kelib tushgan. Hisobot davrida ushbu tashkilotga 30 ming 367 ta murojaat yo‘llangan. Ikkinchi o‘rinda 24 ming 111 ta murojaat bilan Majburiy ijro byurosi qayd etilgan. Ichki ishlar vazirligiga 16 ming 449 ta murojaat kelib tushgan.
Shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga 9 ming 799 ta, Energetika vazirligiga esa 9 ming 74 ta murojaat yo‘llangan.
Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar o‘rganilganda, bolalar nafaqasi bilan bog‘liq masalalar birinchi o‘rinda turibdi. Hisobot davrida ushbu yo‘nalishda 23 ming 934 ta murojaat kelib tushgan. Ikkinchi o‘rinda 17 ming 202 ta murojaat bilan aliment undirish masalasi qayd etilgan. Shuningdek, ish bilan ta’minlash masalasida 3 ming 648 ta, gaz balloni bilan bog‘liq masalalar yuzasidan esa 3 ming 199 ta murojaat kelib tushgan.
Hamroz Bayonov,
O‘zA