Xalq noiblari mas’uliyati yanada oshdi
Davlatimiz rahbarining O`zLiDeP X s’ezdida o‘z Saylovoldi dasturining asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi ma’ruzasida mahalliy kengash deputatlari faoliyatini yanada kuchaytirish borasidagi aniq yo‘l-yo‘riq va ko‘rsatmalar aytib o‘tilganki, endilikda ular har bitta xalq noibi zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.
bugungi kunda xalq deputatlari Buxoro viloyat, tuman va shahar kengashlari deputatlari hisoblangan 146 nafar maslakdoshlarimiz ana shu mas’uliyatni teran anglagan holda ish olib borishlari talab etiladi. Partiyaning barcha bo‘g‘inlaridagi faollar, apparat rahbarlari, oddiy xodimlarga ham va eng muhimi deputatlarimizga Prezidentimiz ma’ruzasidagi quyidagi so‘zlar yuksak ishonch berdi: “Tuman, shahar, viloyat vakillik va ijro hokimiyati tizimi qayta ko‘rib chiqiladi. Kelgusida tuman va shahar kengashlarida kamida 2-3 nafar deputat doimiy asosda ishlaydigan tartib joriy etiladi. Ular muammolarni mahallabay o‘rganib, yechimini Kengash muhokamasiga kiritadi. Tuman va shahar hokimi lavozimiga nomzod tuman kengashida eng ko‘p deputatlik o‘rnini egallagan partiya guruhi tomonidan ilgari suriladi”.
Buxorolik xalq noiblari ham o‘z faoliyatlarini joriy etiladigan yangi tartibga muvofiq olib borib, O`zLiDeP ning X s’ezdi qarorlari hamda davlatimiz rahbarining deputatlik faoliyatimizga daxldor topshiriq va tavsiyalarini amalda bajarishga va shu yo‘l bilan aholi turmush farovonligini oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga joylardagi targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishga, bir so‘z bilan aytganda o‘z faoliyatlarida tub burilish yasashga intilayotir.
Joriy yilning 24 oktyabrida o‘tkaziladigan Prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori darajada o‘tkazish bilan bog‘liq barcha tadbirlar shu kunlarda viloyat, shahar va tumanlar miqyosida keng yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ushbu muhim jarayonda ham mahalliy kengash deputatlari faol ishtirok etayotir.
Har doim bo‘lganidek, bundan keyin ham deputatlik so‘rovi, nazorat tahlil faoliyati, eshituv va boshqa amaliyotda o‘zini oqlagan partiyaviy faoliyat o‘z amaliy natijasini berishiga ishonchimiz komil.
Bobomurod OCHILOV,
O`zLiDeP Buxoro viloyati
Kengashi raisining birinchi o‘rinbosari - apparat rahbari,
xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati