Xalq manfaati birlamchi masala
Bunga ishonch hosil qilishimiz uchun koʻhna qitʼaning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan, Italiya va Ispaniyadagi vaziyatni biroz tahlil etishning oʻzi kifoya.
Koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq statistik maʼlumotlar dunyo tibbiyot tizimining bugungidek kutilmagan holatlarga tayyor emasligini koʻrsatib qoʻydi. Bunga ishonch hosil qilishimiz uchun koʻhna qitʼaning eng rivojlangan mamlakatlari, xususan, Italiya va Ispaniyadagi vaziyatni biroz tahlil etishning oʻzi kifoya.
Barchamizni birdek tashvishga solayotgan ana shunday realliklarga qaramay, Oʻzbekistonda davlat rahbarining siyosiy irodasi va hukumatimizning tizimli ishlarni toʻgʻri yoʻlga qoʻya olgani natijasida mamlakatimiz virus infeksiyasi qatʼiy jilovlangan davlatlardan biri boʻlib qolmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 3-apreldagi tarixiy farmoni va xalqimizga murojaatidan keyingi bu boradagi talablar qatʼiylashganini koʻrsatdi. Tibbiyot tizimi vakili va deputat sifatida shuni ham aytishim kerakki, yurtimizda bugungi ogʻir kunlarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj kishilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani aholining vaziyatni tinch oʻtkazishi kafolati ham boʻladi.
Aholi murojaatlari bilan tizimli ishlash va manzilli yordam koʻrsatish maqsadida tashkil etilgan “Call Centre”ga (qisqa raqam – 1197) volontyor yoshlar, jamoatchilik vakillari jalb etilyapti. Markazning dastlabki ish kunida Toshkentdagi 514 ta mahalla tomonidan taqdim etilgan roʻyxat asosida 2000 ga yaqin ehtiyojmand oilaga moddiy yordam koʻrsatildi. Ayniqsa, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga 18 turdagi asosiy oziq-ovqat va gigiyena tovarlari bepul yetkazib berilayotgani hukumatning xalq manfaati borasidagi ishlari mavsumiy emasligini koʻrsatdi.
Maʼlumki, 2-apreldan boshlab keksa yoshdagi shaxslarga koʻchaga chiqish taqiqlandi. Chunki koronavirus kasalligi bilan keksalar xastalanganlarida organizmdagi yoshga doir fiziologik oʻzgarishlar, surunkali kasalliklar tufayli uning ogʻir kechish xavfi yuqori boʻladi.
Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti Yevropa hududiy byurosi direktori Xans Anri Klyugening yozishicha, mahalliy davlat hokimiyat organlari tomonidan qariyalarga koʻrsatilayotgan yordam tadbirlari bunday ogʻir vaziyatda asosiy omilga aylanadi.
Ha, chindan ham jahon miqyosida nihoyatda murakkab deya baholanayotgan pandemik holat ming shukurki, yurtimizda kutilganidan ancha yengil oʻtmoqda.
Maʼlumotlarga qaraganda, dunyoda ushbu infeksiyani yuqtirganlar 1,5 millionni, vafot etganlar esa 70 mingni tashkil etyapti.
Niyatimiz ilohim ushbu balo yurtimizdan tezroq daf boʻlsin. Kundan-kunga tinchlikning qadrini koʻproq his etyapmiz. Virusolog hamkasblarimizning fikricha, ijtimoiy masofani saqlab, gigiyenaga qanchalar qatʼiy amal qilsak, shunchalar tez, tinch va xotirjam kunlarga qaytamiz.
Biz tibbiyot xodimlari siz uchun ishdamiz, Sizlar biz va oila aʼzolaringiz uchun uyda qoling!
Shahnoz POʻLATOVA,
Xalq deputatlari Toshkent shahar
Mirobod tumani Kengashi deputati,
Respublika 1-sonli klinik shifoxonasi boʻlim mudiri