Xalq diplomatiyasi – SHHT faoliyatining muhim yo‘nalishi
Shu yil Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)ga asos solinganiga 25 yil to‘ladi. O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan mazkur sanaga bag‘ishlangan qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, bugun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi bilan hamkorlikda mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Markaz direktori Qobiljon Sobirov tadbirni ocharkan, юртимизда SHHT Xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish tashabbusi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan xalqaro maydonda ilgari surilganini eslatib o‘tdi. Ushbu yo‘nalish doirasida Markaz SHHT davlatlari va fuqarolik jamiyati institutlari, xususan tashkilotga a’zo mamlakatlar yoshlari va ayollar tashkilotlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga asoslangan holda, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirish, o‘zaro ishonch va yaqin qo‘shnichilik ruhini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazilayotganiga e’tibor qaratdi.
[gallery-29963]
Brifing davomida madaniy, ilmiy, ma’rifiy dasturlar tashkil etish, delegatsiyalar almashinuvi, turli mavzularda forum, badiiy ko‘rgazma, musiqa festivali va sport tadbirlari o‘tkazish orqali hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Mazkur tadbirlar madaniyat, ta’lim, san’at, turizm, sport va boshqa sohalardagi hamkorlikni sezilarli darajada mustahkamlashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Tadbir yakunida Q.Sobirov bildirilgan taklif, mulohaza va tavsiyalar uchun ishtirokchilarga minnatdorlik bildirdi. Shuningdek, SHHT doirasida ko‘p tomonlama madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha Markaz va OAV vakillari o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishiga umid bildirdi.
G‘.Xonnazarov,
N.Haydarov, O‘zA