Xalq diplomatiyasi: Buxorodan Rimgacha bo‘lgan tarixiy aloqalar (+video)
Xalq diplomatiyasining tarixiy ildizlari, O‘zbekiston va Italiya xalqlari o‘rtasidagi munosabatlarning shakllanish jarayoni haqida tarixchi olim Vohid Xolov bilan suhbatlashdik.
— O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ilk tarixiy aloqalar haqida nimalar ma’lum?
— Tarixiy manbalarga nazar tashlasak, O‘zbekiston hududi va Yevropa, jumladan Italiya o‘rtasidagi aloqalar juda qadim davrlarga borib taqaladi. Arxeologik topilmalar, xususan Kushonlar davlati davrida Rim imperiyasi bilan savdo va madaniy aloqalar bo‘lganini tasdiqlaydi. Kushonlar hududidan topilgan Rim tangalari buning yaqqol isbotidir.
Bu holat o‘sha davrdayoq Sharq va G‘arb o‘rtasida faol savdo yo‘llari mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
— O‘rta asrlarda O‘rta Osiyo va Italiya o‘rtasidagi savdo aloqalari qay darajada rivojlangan?
— XII–XIII asrlarga kelib, karvon yo‘llari orqali savdo aloqalari yanada kengaygan. Neapol universiteti olimlari tadqiqotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyodan Italiya va Janubiy Yevropa hududlarigacha savdo aloqalari faollashgan.
O‘sha davrda Venetsiya va Jenuya kabi shaharlar muhim savdo markazlari bo‘lgan. Ayniqsa, Turkiston ipagi juda yuqori baholangan bo‘lib, ba’zi hollarda u Xitoy ipagidan ham sifatliroq deb hisoblangan. Shu sababli italiyalik savdogarlar Turkiston mahsulotlariga katta qiziqish bildirgan.
Savdo aloqalari faqat tovar almashinuvi emas, balki ishonchga asoslangan tizim sifatida shakllangan. Ko‘p hollarda savdogarlar shaxsan emas, balki o‘z vakillari orqali ish yuritgan.
XVI asrdan boshlab Yevropa davlatlari dengiz yo‘llarini o‘zlashtirishi natijasida quruqlik savdosi nisbatan pasaygan bo‘lsa-da, Italiya va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi aloqalar uzilmagan.
— Mashhur sayohatchi Marko Polo O‘zbekiston tarixi va Sharq-G‘arb aloqalarida qanday o‘rin tutadi?
—Marko Polo — alohida ta’kidlash lozim bo‘lgan shaxs. Uning otasi Nikkolo Polo va amakisi Maffeo Polo avval Sharqqa safar qilgan bo‘lib, keyinchalik o‘z tajribalarini Marko Polo bilan bo‘lishgan.
Marko Polo o‘z safarlari davomida Buxoro va Samarqand haqida qimmatli ma’lumotlar qoldirgan. U Buxoroni muhim savdo markazi sifatida, Samarqandni esa go‘zal, madaniy va iqtisodiy jihatdan rivojlangan shahar sifatida ta’riflagan.
— Bugungi kunda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlik qay darajada rivojlanmoqda?
— Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanib bormoqda. Xalq diplomatiyasi orqali aloqalar yanada mustahkamlanmoqda.
Italiyada tahsil olayotgan va faoliyat yuritayotgan o‘zbekistonliklar soni ortib bormoqda. Shu bilan birga, O‘zbekistonda ham Italiyaning ta’lim va ilmiy markazlari faoliyat yuritmoqda. Jumladan, Turin politexnika universiteti filiali va Piza universiteti bilan hamkorliklar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Suhbatning to‘liq qismini O‘zAning You Tube sahifasida ko‘rishingiz mumkin.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/FS0DUzfuMYc" title="Xalq diplomatiyasi: Buxorodan Rimgacha bo‘lgan tarixiy aloqalar" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Nigora Rahmonova,
Nishonboy Abduvoitov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA