Xalq dardi bilan yashash – muhim vazifa
Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan Sharof Rashidov hamda Paxtakor tumanlari aholisi uchun navbatdagi sayyor qabul va yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Viloyatda davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalar mohiyatini anglagan, zimmasidagi mas’uliyatini his etgan rahbar borki, xalq bilan yaqin bo‘lishga, xalq orasiga kirib borishga, yuzma-yuz muloqot qilishga, ularning dardu tashvishlarini tinglashga intilib, muloqotning samarali usullaridan foydalanmoqda.
Ikki tuman aholisi uchun o‘tkazilgan sayyor qabulda fuqarolar tomonidan kelib tushgan 80 dan ziyod murojaatning 24 tasi joyida ijobiy hal etildi, qolgan murojaatlar o‘rganish va ijrosi vaqt talab qilganligi bois nazoratga olindi.

Shuningdek, qabul davomida, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagida bo‘lgan 8 nafar yoshga imtiyozli kredit ajratilganligi to‘g‘risida sertifikat, “Ayollar daftari”da ro‘yxatda turgan bir qator ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari, 3 dona tikuv mashinasi, 5 nafariga kiyim-kechak, 7 nafariga 1 million so‘mdan moddiy yordam pullari hamda o‘zini-o‘zi band qilishlarini ta’minlash maqsadida 13 nafariga elektr pechlari va asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
– Bichish-tikish qo‘limdan keladi, lekin tikuv mashinam bo‘lmaganligi sabab uyda bekor o‘tirardim, – deydi Sharof Rashidov tumanida yashovchi, “Ayollar daftari” ro‘yxatida turgan Aysha Rahmonqulova. – Sayyor qabulda menga tikuv mashinasi berildi. Endi uyda o‘tirib ham bichuv-tikuv bilan bemalol shug‘ullanib, oilaviy byudjetimizga o‘z hissamni qo‘shaman. Yana o‘zini o‘zi band qilish orqali mehnat stajim ortib borar ekan.

– “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turaman, turli pishiriqlarni tayyorlash qo‘limdan keladi, lekin imkoniyatim yo‘q edi, shu sababli menga elektr pech berishdi, – deydi paxtakorlik Shabbona Mirmalikova. – Mana endi daromad topish manbaim bor, o‘z oilaviy biznesimni yo‘lga qo‘yaman. Maqsadim, tayyorlagan mahsulotlarimni sotib, daromadimni oshirish. Yaqin kelajakda keladigan daromad hisobiga faoliyatimni yanada kengaytirib, bankdan kredit olmoqchiman. Ishlab chiqarish turi, miqdori va albatta sifatini oshirib, oilaviy tadbirkorligimni yo‘lga qo‘yaman.
Bundan tashqari, sayyor qabul jarayonida 3 nafar murojaatchi davolanishi uchun respublika va mahalliy shifoxonalarga order, 7 nafar fuqaro reabilitatsiya va ortopedik vositalar bilan ta’minlanadigan bo‘ldi.
Har ikki tuman bo‘yicha kasb-hunarga o‘rgatishlarini so‘rab murojaat qilgan yoshlarning ro‘yxati shakillantirildi va hududlardagi kasb-hunarga o‘rgatish qisqa muddatli o‘quv markazlariga yo‘naltirildi.
Uchrashuvdagi aholi va yoshlarning har bir murojaati prokuraturaning qat’iy nazoratiga olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA