“Xalq bilan birga”: Amaliy tashabbuslar aholi manfaatlari yo‘lida
O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida hududlarda keng ko‘lamli ishlar, amaliy tadbirlar, tashabbuslar izchillik bilan amalga oshirilmoqda. Bunda aholining barcha qatlamlari, turli soha vakillarining manfaatlarini yuzaga chiqarishga e’tibor qaratilmoqda, aholiga ko‘maklashilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, inson qadri va farovonligini ta’minlashga qaratilgan aniq sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada O‘zLiDeP Toshkent shahar va tuman Kengashlari tashabbusi bilan ham turli ko‘rinishdagi aksiyalar, o‘rganishlar, uchrashuvlar tashkil etilmoqda. Xususan, partiyaning Toshkent shahar va Olmazor tuman Kengashlari tashabbusi bilan "Xalq bilan birga" umummilliy dasturi doirasida Toshkent davlat texnika universitetida “Inson qadri va farovonligini ta’minlash yo‘lida muhim qadamlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Sevara Ubaydullayeva va universitetning professor-o‘qituvchilari ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlar siyosati doirasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumotlar berdi.
Shuningdek, partiya tomonidan yoshlarga berilayotgan imkoniyatlar, ularni tadbirkorlikka va kasbga o‘rgatish borasidagi tashabbuslar haqida to‘xtalib o‘tildi. Shu bilan birga, ta’lim sohasidagi imtiyoz va imkonyatlar tahlil qilindi.
***
“Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasidagi yana bir tadbir yoshlarni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish maqsadida tashkil etildi. Olmazor tumanida “Youth Sports Challenge” sport musobaqalari doirasida yugurish marafoni o‘tkazildi.

Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligi va sportga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mazkur sport tadbiri yangi O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan yoshlarimizni sog‘lom va barkamol qilib voyaga yetkazishdek ezgu maqsad yo‘lida yoshlarni birlashtirdi, ularning irodasi, matonati va jamoaviy ruhini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.
Marafonda 220 nafar volontyor yoshlar faol ishtirok etdi. Musobaqa yakunida 6 nafar g‘olib yoshlarga partiya sovg‘alari va diplomlar topshirildi. Shuningdek, 56 nafar ishtirokchi yoshlar sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Keksalarni e’zozlash va qadrlash partiyaning doimiy e’tiborida. “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida nuroniy otaxon va onaxonlarga hurmat va ehtirom ko‘rsatish maqsadida “Keksalarga mehr” aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya doirasida Olmazor tumanidagi 50 nafar keksalar ishtirokida Islom sivilizatsiyasi markaziga sayohat tashkil etildi.

Umummilliy dastur doirasidagi bu kabi amaliy tadbirlar keng ko‘lamda davom ettirilmoqda.
Muhtarama Komilova,
O‘zA