“Xalq bilan birga” aholi muammolariga amaliy yechim
O‘zLiDeP Samarqand viloyati kengashi tomonidan Bulung‘ur tumani Olmazor mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda partiyaning markaziy va viloyat kengashi rahbariyati, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatlari, tuman hokimligi va mutasaddi idoralar mas’ullari ishtirok etib, aholi murojaatlarini tingladi.


Qabul davomida tumandagi 15 dan ortiq mahalladan kelgan fuqarolarning 100 dan ko‘proq murojaati qayd etildi. Aholi, asosan, ichimlik suvi, elektr energiyasi va gaz ta’minoti, ichki yo‘llarni ta’mirlash, bandlik, ijtimoiy himoya masalalari yuzasidan mutasaddilarga murojaat qildi.

Jumladan, Amir Temur mahallasida yashovchi Zamira Xoljigitova yashab turgan uyi kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda duch kelayotgan muammolarga yechim topishda ko‘mak so‘radi. Shu yerda viloyat va tuman kadastr idoralari mas’ullari bilan bog‘lanilib, masalani hal etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Qo‘ng‘irot mahallasidan kelgan Norboy Shermatov mahalladagi simyog‘ochlar eskirib ketganligi sababli ularni yangilash yuzasidan murojaat qildi. Mazkur masala tuman elektr tarmoqlari idorasiga yo‘naltirilib, uning ijrosi bo‘yicha tuman kengashi deputatlari tomonidan jamoatchilik nazorati o‘rnatilishi aytildi.
Qabul davomida 50 dan ortiq masalaga shu yerning o‘zida yechim topildi, o‘rganish va vaqt talab qiladigan murojaatlar yuzasidan mas’ullar belgilanib, ijrosi nazoratga olindi.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari