O‘zbekistonda ilk bor «Qurilishga tayyor yer» mexanizmi joriy etildi
Mamlakatimizda tadbirkorlik sub’ektlari uchun qulay sharoitlar yaratish, byurokratik to‘siqlarni keskin qisqartirish hamda shaharsozlik sohasida ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish borasidagi islohotlar izchil davom etmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-fevraldagi taqdimotda bergan topshiriqlari hamda Prezidentning 2026-yil 24-fevraldagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida respublikamizda ilk bor ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan «Qurilishga tayyor yer» mexanizmi amaliyotga joriy etildi.
Ushbu yangi tizimning dastlabki amaliy natijasi sifatida «Samarqand invest kompaniyasi» AJ tomonidan Samarqand shahridagi «Nurli yo‘l» mahallasida 10,51 gektar maydonda kompleks qurilish loyihalari boshlandi. Mazkur loyiha doirasida ko‘p qavatli uy-joy qurilishi uchun mo‘ljallangan ilk lot yangi tartib — «Qurilishga tayyor yer» shaklida auksionga chiqarildi.
Birinchi lotning asosiy shaharsozlik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, umumiy hudud maydoni 2 647,63 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda 16 qavatli ikkita blokdan iborat, premium fasad yechimlari va zamonaviy arxitektura talablariga javob beradigan 155 ta qulay xonadon barpo etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, loyiha doirasida hududning 30 foizini ko‘kalamzorlashtirish, bolalar va sport maydonchalarini tashkil etish hamda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishning barcha texnik shartlarini «tayyor paket» usulida taqdim etish rejalashtirilgan.
Yangi mexanizmning eng asosiy qulayligi shundaki, endilikda barcha tayyorgarlik ishlari, loyihaoldi kelishuvlari va zarur ruxsatnomalar yer auksionga qo‘yilishidan oldin to‘liq rasmiylashtirib qo‘yiladi. Natijada auksionda g‘olib chiqqan tadbirkor ortiqcha ovoragarchiliksiz, byurokratik to‘siqlarga duch kelmasdan ish boshlash imkoniga ega bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, amaldagi an’anaviy tizimda qurilish uchun ruxsat olish 9 bosqichdan iborat bo‘lib, o‘rtacha 90 dan 120 kungacha vaqt talab etgan bo‘lsa, xalqaro amaliyotga asoslangan «Qurilishga tayyor yer» mexanizmida bu jarayon atigi 7-15 kunni tashkil qiladi. Shu bilan birga, qurilishga tayyor bo‘lmagan yerlarni auksionga chiqarish qat’iyan taqiqlanib, barcha jarayonlarning shaffofligi va qisqa muddatlarda amalga oshirilishi to‘liq kafolatlanadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA