Volontyorlik faoliyati huquqiy maqomga ega bo‘ladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda depuputatlar «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni uch o‘qishda qabul qildilar.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda depuputatlar «Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida»gi qonunni uch o‘qishda qabul qildilar.
Bugungi kunda 80 dan ziyod mamlakatda yirik professional volontyorlik tashkilotlari mavjud. Davlatlar tomonidan katta yordam ko‘rsatilayotgani bois, ko‘ngilillar sektori jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining muhim tarkibiy bo‘lagiga aylanib bormoqda.
Mamlakatimizda ham ko‘ngillilik ijtisoiy-iqtisodiy, siyosiy taraqqiyot bobida katta salohiyatga ega institut sifatida rivojlangan. Masalan, ko‘ngillilar o‘z faoliyati davomida qator muhim ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatadi, ular muayyan tovarlarni ishlab chiqaradi, o‘z manbalari hisobidan jamiyatning ehtiyojmand qatlamlarini qanoatlantiradi, davlat organlarining ayrim vazifalarini zimmasiga oladi va bu byudjet mablag‘larini iqtisod qilishga imkon beradi.
Ko‘ngillilik, ayniqsa, yoshlarni jamiyat hayotiga faol kirishish jarayonlariga ko‘maklashishga, zarur ish tajribasini to‘plashga, mehnat bozori talablari bo‘yicha malaka va ko‘nikma hosil qilishga, ijtimoiy munosabatlarda ularning faolligini oshirishga turtki beradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Lyudmila Koshelapovaning qayd etishicha, mamlakatimizda ko‘ngillilik faoliyati, tegishli tushunchalar majmui va ushbu faoliyatni amalga oshirish tartiblari mustahkamlangan, garchi ushbu faoliyat qonun hujjati bilan tartibga solinmagan bo‘lsa-da, u amalda O‘zbekistonda rivojlanib kelmoqda.
Ko‘ngillilik faoliyati xalqimizning ongiga va mentalitetiga chuqur singib ketgan ko‘p asrlik qadriyatlarga ega. Xususan, «hashar», «jamoaviy ko‘ngillilik» kabilar volontyorlikning keng tarqalgan ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi.
Bundan tashqari, ayrim sotsiologik tadqiqotlar natijalariga ko‘ra, qariyb 90 foiz nodavlat notijorat tashkilotlar o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘ngillilardan unumli foydalanadi. Ularning eng faollari – O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi, Qizil yarim oy jamiyati, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi hisoblanadi.
Davlat hokimiyati organlari ham yirik xalqaro konferensiyalar, seminarlar, sport musobaqalari va boshqa ommaviy ijtimoiy-siyosiy tadbirlarga ko‘ngillilarni tarjimon, kuzatuvchi sifatida faol jalb qiladi.
Ko‘ngillilar faoliyati qator ijtimoiy tarmoqlar orqali ham faollashib bormoqda. Masalan, «Facebook» ijtimoiy tarmog‘ida «volontyorы.uz» guruhi bo‘lib, uning a’zolari soni 12 mingdan ortiqni tashkil qiladi. Guruh a’zolari xayriya tadbirlari, aksiyalari hamda yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘zaro ma’lumotlar almashadi. Ular yo‘qolgan insonlarni izlashga, hududlarni chiqindilardan tozalashga, egasiz hayvonlarni himoya qilish, ehtiyojmandlarga dori-darmon sotib olishga va qimmat tibbiy operatsiyalarni bajarish uchun mablag‘ yig‘ishga hamda boshqa beg‘araz yordam tadbirlarini amalga oshirishga ko‘maklashib kelmoqda.
Mazkur qonun loyihasinnig qabul qilinishi ko‘ngillilik faoliyatini tashkil etish va amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni qonuniy tartibga soladi, ko‘ngillilik faoliyati to‘g‘risida yagona qonuniy tushunchalar majmuini shakllantiradi, ko‘ngillilik faoliyatini yanada faollashtirishni rag‘batlantiradi.
Loyiha bilan Adliya vazirligi tomonidan ko‘ngillilar faoliyatini ro‘yxatga olish reestri joriy qilinib, muntazam ravishda yangilab borilishi, «Ko‘ngillilik shartnomasi»ni amaliyotga joriy qilinishi ko‘zda tutilgan.
Shularni hisobga olgan holda, majlisda qonun loyihasi biryo‘la uch o‘qishda qabul qilindi hamda Oliy Majlis Senatiga yuboriladigan bo‘ldi.