Vohid Abdullayev va Samarqandda Navoiyshunoslik
Bu yil atoqli adabiyotshunos, filologiya fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Vohid Abdullayev tavalludiga 110 yil to‘ldi.
Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universitetida joriy yilning noyabr oyida “Akademik Vohid Abdullayev va Samarqand adabiyotshunoslik maktabi taraqqiyoti” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkaziladi. Ushbu maqola shu munosabat bilan yozildi .
Ona tilimiz va xalqimiz shuhratini olamga yoygan qaysi ulug‘ ajdodimizning hayot yo‘liga nazar tashlamaylik, Samarqand shahri, Samarqand muhiti, Samarqand maktabi bu zotlarning umr yo‘llarida muayyan maqomga ega ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Odam ush-shuaro Rudakiy va Imom Buxoriydan boshlab, Sohibqiron Amir Temur va Mirzo Ulug‘bekkacha, Mavlono Abdurahmon Jomiy va Xoja Ahror Valiydan tortib, Mir Alisher Navoiy hamda Mirzo Boburgacha o‘z qismatlarini, Samarqand taqdiri bilan mushtarak, deb bilganlar, ilm-fan, dinu diyonat, madaniyat va san’atning beshigi bo‘lgan bu muqaddas makonga hamisha o‘z ehtiromlarini izhor etib turganlar. O‘z navbatida, Samarqand ahli va Samarqand maktabi namoyandalari bu ulug‘ zotlarning shuhratini olamga yoyishga baholi qudrat hissa qo‘shganlar.
Jumladan, milliy ma’naviyatimizning yalovbardori, o‘zbek mumtoz adabiyotining asoschisi Mir Alisher Navoiyning hayoti va faoliyatini o‘rganishda samarqandlik olimlarning hissasi – beqiyos. Shoirning siyosiy faoliyatini yorituvchi ilk tarixiy manba Abdurazzoq Samarqandiyning “Matla’i sa’dayn va majma’i bahrayn” asari bo‘lsa, uning ijodiy faoliyati va shoirlik salohiyati haqida qimmatli ma’lumot beruvchi ilk manba muallifi boshqa bir samarqandlik shoir va olim – Davlatshohning “Tazkirat ush-shuaro” tazkirasidir. Samarqandlik bu ikki olim hali Mir Alisher hayotligi paytidayoq navoiyshunoslikni boshlab berganlar va ushbu an’ana asrlar davomida boshqa olimlar tomonidan izchil davom etib kelmoqda.
XX asrning birinchi choragidan boshlab, navoiyshunoslik fanning alohida tarmog‘i sifatida shakllana boshladi. Kamoli qoniqish bilan qayd qilish lozimki, Alisher Navoiy haqidagi dastlabki maqola va tadqiqotlar aynan Samarqand ilmiy va adabiy maktabi namoyandalari tomonidan yaratildi.
Aytib o‘tish kerakki, Navoiyga munosabat, Navoiy shaxsiga ehtirom sho‘rolar zamonida birdaniga ijobiy tus olgan emas. Ayrim olimlar “Navoiy kabi saroy shoirlarining uslublari asrimiz zavqiga ham, ehtiyojiga ham tamomila yaroqsizdir”, degan fikrda bo‘lgan paytda Abdurauf Fitrat va Vadud Mahmud kabi millat fidoiylari Navoiyni “o‘zbek shoirlarining bobosi”, Navoiy yashagan davrni esa adabiyotimizning “birinchi oltin davri” deb haqqoniy baho berishga jur’at qilganlar.
Keyinchalik bu jarayonga Sadriddin Ayniy, Abdurahmon Sa’diy, Vohid Abdullayevlar qo‘shilib, Samarqandda tom ma’nodagi navoiyshunoslar maktabiga asos soldilar. Sadriddin Ayniy tojik tilida “Alisher Navoiy” monografiyasini yaratish barobarida “Xamsa”ning qisqartirilgan nashrini tayyorlagan bo‘lsa, Abdurahmon Sa’diy Navoiy ijodining umumfalsafiy va badiiy mahorati masalalarini o‘z doktorlik dissertatsiyasida asoslab berishga harakat qilgan. Ayniqsa, alloma Vohid Abdullayevning “Navoiy Samarqandda” nomidagi tadqiqoti o‘z davrida voqelik hisoblanib, bugungi kungacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmay kelmoqda. Vohid Abdullayev tadqiqotida Alisher Navoiyning Samarqandda to‘rt yil yashaganligi, Samarqand va Movarounnahrning qator shoirlari va olimlari bilan ijodiy aloqada bo‘lganligi, Samarqanddan olgan bahramandliklari keyingi butun ijodiga samarali ta’sir qilib, go‘zal she’rlari va dostonlariga material sifatida xizmat qilganligi ilmiy dalillar asosida isbotlab berilgan. Bartold va boshqa sharqshunoslar bu davrda Samarqandda ilm-fan, madaniyat inqirozga yuz tutgan, Hirotda esa, aksincha rivojlangan, degan fikrni ilgari surishgan. V.Abdullayev o‘z tadqiqotida aniq fakt va dalillar asosida 15 asrning 50-60 yillarida Samarqandda madaniy-adabiy muhit ancha jonlangani, aksincha Abusaid Mirzo davridagi Hirot ziddiyatlar o‘chog‘iga aylanib qolgani, shu bois, ilm va adabiyot namoyandalari Hirotdan Samarqandga intilganlarini isbotlab bergan.
Ustoz Vohid Abdullayev yaratgan “Navoiy zamonida Buxoro she’riyati”, “XIX asrda Buxoroda navoiyxonlik va Navoiy an’analari”, “Navoiy va Kohiy”, “Navoiy va nazira”, “Navoiy va Munis”, “Alisher Navoiy va Atoullo Atoyi”, “Navoiy va Bobur”, “Xamsa shoirlar nazmida” kabi tadqiqotlari Alisher Navoiy ijodining keyingi davrlar o‘zbek adabiyotiga ta’siri masalalarini yoritishga bag‘ishlangan. Bu ilmiy ishlarda bir tomondan, Alisher Navoiy an’analarining boshqa shoirlar tomonidan izchil rivojlantirilganligi masalasi yoritilgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan adabiyotimiz tarixida yangi-yangi, shoirlarni kashf etish, ularning o‘z davrlari adabiyotida tutgan o‘rnini aniqlab berish kabi g‘oyat muhim maqsadlar ko‘zda tutilgan. Bu ishlarning aksariyatida adabiyotimiz tarixi uchun noma’lum bo‘lib kelayotgan faktlar qo‘lyozma manbalar asosida o‘rganilgan.
Bu ustozning davomchilari – Sodiq Mirzayev, Botirxon Valixo‘jayev, Rahmonqul Orzibekov va boshqalarning tadqiqotlarida ham Navoiyning shaxsiyati, ijodi va dunyoqarashining turli qirralari tadqiq etildi. Sodiq Mirzayev o‘z nomzodlik dissertatsiyasida Navoiy aruzi haqida tadqiqot olib borib, aruz vaznining zamoni o‘tgani, shoirlar endi aruz vaznidan eskilik sarqiti sifatida tezroq qutulishlari lozim, ma’nosidagi “bashorat” va “ko‘rsatma”lar berilayotgan davrda Navoiyning “Mezon ul-avzon” asari hamda lirik merosining kulliyotini tadqiq etdi. Aruz vazni Navoiyning xizmatlari natijasi o‘laroq aruz turkiy tilga to‘liq moslashtirilgani, bu vazn tizimi o‘zbek tilining fonetik va fonologik tarkibi o‘zgarmasdan kelishida muhim rol o‘ynaganini ilmiy jihatdan asoslab berdi. Ayniqsa, “Navoiy lirikasiga vazn ko‘rsatgichi” deb nomlangan dissertatsiya ilovasi 147 betdan iborat bo‘lib, unda adabiyotshunoslikda birinchi marta Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotiga kiruvchi to‘rt devonning har biridagi lirik janrning vazn xususiyatlari o‘rganilgan. Ushbu ko‘rsatgichlar keyinchalik “Xazoyin ul-maoniy”dagi adademik nashri uchun asos qilib olindi.
Akademik Botirxon Valixo‘jayev ijodining o‘q tomirini Navoiy mavzusi tashkil etadi, desak, yanglishmagan bo‘lamiz. Adabiyotshunoslikni mumtozlik darajasiga ko‘targan zahmatkash olimimiz deyarli barcha tadqiqotlarida Navoiyning shaxsiyati, hayoti va faoliyatiga munosabat bildirib kelganlar. Bu xulosa, kuzatuv va umumlashmalar keyinchalik ikki jildlik “O‘zbek adabiyoti tarixi” o‘quv qo‘llanmasi (2002), Xoja Ahror Valiy haqida yozilgan “Buyuk ma’naviy murshid”, shuningdek, “Mumtoz siymolar” kitobida o‘z aksini topdi. B.Valixo‘jayev uchun Navoiy nomi Samarqanddek aziz va tabarruk. Bu ikki muqaddas tushunchani bog‘lovchi har qanday dalil, har qanday kichik detal olimning diqqat markazidan chetda qolmadi. “Muloqot” jurnalida e’lon qilingan “Alisher Navoiyning Samarqanddagi qadamjolari” maqolasida Navoiyning Samarqandda ta’lim olgan madrasalar haqida ma’lumot bergan bo‘lsa, “O‘zbek adabiyoti tarixi” kitobida Navoiy va Samarqand adabiy muhiti masalasini yangi faktik materiallar va xulosalar bilan boyitdi.
Professor Rahmonqul Orzibekov o‘z tadqiqotlarida Navoiyning boy va betakror badiiy-estetik olami, bu muazzam ijodning keyingi davr adabiy jarayonga ko‘rsatgan ijobiy ta’siri, Navoiydan ilhomlangan shoir va adiblarning ijodiy merosi tadqiqiga e’tibor qaratdi. Bu tadqiqotlar Samarqand ilmiy muhitidagi qiyosiy adabiyotshunoslikning rivojiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.
Taniqli sharqshunos, filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov Samarqand davlat universitetida ta’lim olgan. N. Komilovning ilk ilmiy-ijodiy tadqiqoti – Samarqand davlat universitetining talabasi sifatida 1965 yilda yozgan diplom ishi ham, eng so‘nggi, o‘zi varaqlashga ulgurmagan kitobi ham yagona mavzuga, Alisher Navoiy hazratlarining ijodiga bag‘ishlangan. Olimning o‘z ta’rifi bilan aytganda, u bir umr “Navoiy mulkining nigohboni” bo‘lib yashagan. Shubhasiz, o‘zbek sharqshunosligida Najmiddin Komilovning alohida o‘rni va mavqei mavjud.
Avvalo, bu olim tadqiqotlari mavzular va yo‘nalishlar ko‘lamining kengligi, qolaversa, chuqur tahlillar va yangi-yangi xulosalarga boyligi bilan ajralib turadi. Uning yalpi ijodi XX asr oxirlari va XXI asr boshlaridagi o‘zbek adabiyotshunosligi, tarjimashunosligi, sharqshunosligi, tasavvufshunosligining ulkan yutug‘i hisoblanadi.
Allomaning 2005 yili “Ma’naviyat” nashriyotida chop etilgan “Xizr chashmasi” monografiyasi navoiyshunosligimizga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy ijodini tasavvufdan ayri holda tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ammo sho‘ro davridagi hukmron mafkura bu buyuk sohibi qalam asarlarini ko‘p jihatdan buzib talqin etdi. Oqibatda asarlarining tub mohiyati, teran tasavvufiy ma’nolari ochilmay qoldi.
Masalaga shu jihatdan yondashilganda, “Xizr chashmasi” monografiyasi ana shu bo‘shliqni to‘ldirdi ‒ Navoiy ijodini tasavvufiy mohiyatidan kelib chiqib tahlil etib berdi.
Kitob olimning ilmiy va ilmiy-ommabop nashrlarda bosilib, el orasida shuhrat tutgan tadqiqotlari asosida tartib berilgan.
Nashr, “Muqaddima o‘rnida” deb berilgan “O‘z vujudungg‘a tafakkur aylagil” sarlavhali hamda “Xulosa o‘rnida” tarzida taqdim etilgan “Obi hayot” nomli maqolalarni hisobga olmaganda, to‘rtta mustaqil bobdan tashkil topgan.
B i r i n ch i b o b “Qalblarning sevgani” deb nomlanadi. U “Navoiy va zamonamiz”, “Tasavvuf va badiiy ijod” va “Odamiylar odamiysi” fasllaridan tashkil topgan. Bobda muallif Navoiy ijodining tasavvufiy mohiyatini ochib berishga harakat qilgan.
I k k i n ch i b o bga “Ishq kimyosi” deya sarlavha qo‘yilgan. U besh ichki faslga bo‘linadi. Ularda tasavvufiy ishq masalasining turli qirralari yoritilgan. Xususan, “Farhod va Shirin” tahlili asosida bitilgan “Suqrot ‒ komil inson timsoli” maqolasi alohida ajralib turadi. Unda tadqiqotchi Suqrotni Navoiy pir ramzi sifatida tasvirlagani sirlarini ochib ko‘rsatadi.
U ch i n ch i b o b ‒ “Faqr ‒ komil inson sifati” deb atalgan. U hajman katta qism hisoblanadi. Binobarin, u o‘n fasldan tashkil topgan.
Bilamizki, Alisher Navoiy ‒ ham turkiy, ham forsiy tilda asarlar bitgan sohibi qalam. Biroq kamdan-kam tadqiqotchi uning forsiy asarlarini o‘rgangan.
Najmiddin Komilov bu bobda, jumladan, Foniyning fors-tojik tilida yozilgan qasidalarini tadqiq etadi. Bundan tashqari, olim “Nasim ul-xuld” qasidasining ham forscha-tojikcha aslini, ham uning o‘zbek tiliga o‘zi amalga oshirgan nasriy tarjimasini keltiradi.
T o‘ r t i n ch i b o bga “Tafakkur va nafosat xazinasi” degan sarlavha ma’qul topilgan. U ikki fasldan iborat.
Najmiddin Komilovning bu kitobida Alisher Navoiy ijodini jahon adabiyoti kontekstida turib kuzatish, xususan, u yaratgan asarlarga keng maydondan turib baholash, avvalo, islom Sharqi adabiyoti, qolaversa, fors-tojik so‘z san’ati bilan chambarchas bog‘liq hodisa sifatida qarash ko‘zga tashlanadi. Bunday yo‘l tutish uchun esa tadqiqotchidan juda katta bilim va malaka talab qiladi.
Najmiddin Komilov “Tasavvuf” monografiyasini Xoja Bahouddin Naqshband tavalludining 690 yilligiga bag‘ishlab chop ettirgan. Bu bejiz emas.
Ma’lumki, naqshbandiya tasavvufning eng so‘nggi va eng mukammal tariqati hisoblanadi. “Tasavvuf” kitobida asarlari eng ko‘p tahlilga tortilgan shoir ‒ yana Alisher Navoiy. Bu buyuk sohibi qalam esa bevosita naqshbandiya tariqatining vakili sifatida asarlarida shu ta’limot g‘oyalarini targ‘ib etgan edi.
Mustaqillikka erishishimiz arafalarida boshlangan yangi o‘zbek tasavvufshunosligi qisqa bir davrda ulkan yutuqlarga erishdi. Ochig‘ini aytganda, biz boy adabiy merosimizga tamoman boshqa ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldik. Bunga ko‘p olimlarimiz hissa qo‘shdi, albatta. Biroq bu borada Najmiddin Komilov asarlari, xususan, “Tasavvvuf” kitobining ahamiyati katta bo‘ldi. Mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalarida tasavvuf nazariyasi va adabiyoti ko‘proq shu kitobga tayangan holda o‘qitiladi, desam, xato qilmagan bo‘laman.
Kitob ‒ “Debocha” va “Ilova”ni hisobga olmaganda, uch mustaqil qismdan iborat. Bu uch qismni olimning ilgari alohida-alohida bosilgan uch kitobi tashkil etadi.
“Tasavvuf. Komil inson axloqi” birinchi kitob, “Tasavvuf. Tavhid asrori” esa ikkinchi kitob tarzida kiritilgan, so‘ng esa “Najmiddin Kubro” tadqiqoti joy olgan.
“Tasavvuf” kitobida islom bag‘rida paydo bo‘lib, komil inson g‘oyasini haddi a’losida targ‘ib va tashviq etgan tasavvuf ta’limotiga kompleks nuqtai nazardan yondashiladi. Nashrda juda katta material qamrab olingani diqqatni tortadi.
Eng muhimi, biz bu kitob orqali islom tarixida o‘tgan ko‘p-ko‘p shayxlar hayoti, faoliyati va ijodidan bahramand bo‘lamiz. Bu nashr ‒ ham islomshunoslar, ham sharqshunoslar, ham tasavvufshunoslar, ham adabiyotshunoslar uchun boy va mo‘’tabar manba yanglig‘ ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev mamlakatimizda uchinchi Renessans asoslarini yaratish g‘oyasini olg‘a surdilar. Buning uchun biz, avvalo, yurtimizda yuz bergan birinchi va ikkinchi Renessans tarixini yaxshi bilishimiz zarur. Professor Najmiddin Komilovning tahlil etilayotgan bu ikki kitobi aynan ana vazifani qisman bajargani bilan alohida ajralib turadi. Chunki Renessansni ma’naviy barkamollik nazariyasi va amaliyoti bo‘lgan tasavvuf va bu ta’limot g‘oyalarini targ‘ib va tashviq etishning eng kuchli quroli hisoblanmish badiiy adabiyotsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Shuni ham unutmaylikki, Najmiddin Komilovning “Xizr chashmasi” va “Tasavvuf” kitoblariga bevosita istiqlolimiz mevalari sifatida qarashimiz zarur.
“Ma’nolar olamiga safar” asari Najmiddin Komilovning navoiyshunoslik borasidagi oxirgi, ayni chog‘da, eng sara tadqiqotlaridan biri bo‘lib qoldi. Atoqli olim o‘z kitobida Navoiy qalamiga mansub 50 ta g‘azalni atroflicha sharhlar ekan, bu yetuk nazm javohirlarining har bir bayti, har bitta misrasi zamiridagi chuqur falsafaga, nozik tashbeh va timsollarga qalb ko‘zi orqali nigoh tashlagan. Navoiy ishlatgan har bir so‘zdagi hikmatga, badiiy sayqalu ma’no jilolariga kitobxonni oshno etishga intilgan.
Sharh, sharhlash – bu qadimiy adabiy an’ana. Ibn Sino, Burhoniddin Marg‘inoniy, Ibn Arabiy, Jaloliddin Rumiy, Xoja Hofiz Sheroziy, Mirzo Bedil kabi ulug‘ ajdodlarimizning murakkab adabiy va ilmiy-irfoniy asarlari turli davrlarda sharh etilib, ularning ma’no-mazmuni, ibora va istilohlari tushuntirib kelinganini yaxshi bilamiz. N.Komilov ta’kidlaganidek, “bu birinchidan, mashhur asarlar g‘oyalari, ma’nosini soddaroq tarzda keng o‘quvchilarga taqdim etishga ko‘maklashsa, ikkinchidan, shu bahonada yangi-yangi asarlarning yaratilishi, o‘lmas insoniy tuyg‘ular, tafakkur va aqliy-ijodiy kashfiyotlarning rivoji, to‘lishib borishiga sabab bo‘lgan”.
Alisher Navoiy asarlari ham necha yuz yillar davomida turli darajada, turfa tillarda izohlanib, sharhlanib kelingan. Badiiy asarlarni sharhlashning o‘z talablari borligiga e’tibor qaratgan holda, Navoiy g‘azallarini sharhlashdagi N.Komilovning o‘ziga xos yondashuvi baytlarning qiyin iboralarini va ko‘p ma’noli murakkab o‘rinlarini imkon qadar sodda tilda tushuntirib berilgani bilan ajralib turadi.
E’tiborli jihati shundaki, olim bu boradagi adabiy an’anani ijodiy o‘rganib va sintez qilib, Navoiy g‘azallarini quyidagi 3 ta usulga tayanib sharhlaydi: birinchidan, asar tilidagi hozirgi kitobxonga tushunilishi qiyin so‘zlar lug‘atini beradi; ikkinchidan, baytlarning nasriy bayonini taqdim etadi; uchinchidan, g‘azalning umumiy mazmun-ma’nosi, badiiy xususiyatlari ustida mulohaza yuritadi. Bu ancha qulay usul bo‘lib, amaliy ahamiyati ham ko‘p ekaniga ushbu sharhlarni mutolaa qilish jarayonida yaqqol ishonch hosil qilish mumkin.
Universitetimizda kasbi kamol etib, keyinchalik mumtoz adabiyotimizning yirik bilimdonlari safidan munosib o‘rin egallagan olimlarimizdan yana biri sifatida albatta, filologiya fanlari doktori Hasan Qudratullayevni alohida ta’kidlash joiz. Hasan Qudratullayev “Navoiyning adabiy-estetik olami” asarida buyuk shoir va mutafakkir Navoiyning poetik ijod haqidagi mulohazalari, shakl va mazmun, badiiy adabiyotning ijtimoiy vazifasi borasida ilgari surgan estetik qarashlari atroflicha tadqiq va tahlil qilgan. Kitobda berilishicha, Navoiyning badiiyat, go‘zallikka munosabati, nafosat sirlarini zakovat bilan ifodalagan purma’no fikrlari o‘lmas merosining ajralmas qismidir. Xususan, Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlari badiiy asarlarida, “Majolis un-nafois”, “Muhokamat ul-lug‘atayn”, “Tarixi anbiyo va hukamo”, “Nasoyim ul-muhabbat” kabi ilmiy asarlarida ham o‘z ifodasini topgan. Navoiy birinchi o‘zbek adabiyotshunos olimi, muarrix, tazkiranavis hamdir. U adabiyot va san’atning tub nazariy asoslarini tahlil qilib, zamondoshlarini qiziqtirgan muammolarga javob qidiradi, adabiyotning ijtimoiy vazifasini eng muhim masalalardan biri sifatida ta’kidlaydi. Badiiy mahorat masalasi Navoiy qarashlarida asosiy o‘rinni egallasa-da, Navoiyning estetik olami keng va rang-barang. Unda an’anaviy janrlar, badiiy san’atlar, vazn va qofiya xususida qiziqarli, ibratomuz fikrlar talay. Alisher Navoiyning adabiy-tanqidiy qarashlarini o‘zbek va rus olimlari ham o‘rgangan. Biroq shoirning estetik olami badiiy ijodi kabi cheksiz va bepoyondir. Biz uning go‘zallik, ijod jarayoni, ilhom va nafosat haqidagi qarashlarini ko‘zdan kechirganimizda hali qator masalalar yoritilmaganligi, ulug‘ mutafakkirning salohiyat va tafakkur qudratini belgilab beruvchi xizmatlari yetarli baho olmaganligini ko‘ramiz. Mazkur risolada shu va shunga yaqin masalalar xususida so‘z yuritilgani bilan alohida qimmatga ega.
Navoiy asarlarining til xususiyatlari o‘rganish masalasi ham samarqandlik olimlarning doimiy diqqat markazida bo‘lgan. Q. Muhiddinov, X. Doniyorov, U. Sanaqulov, I. Nosirov kabi tilshunos olimlar Navoiy asarlarining leksik-semantik xususiyatlarini tadqiq etishda o‘z hissalarini qo‘shdilar. Xususan, Xudoyberdi Doniyorov o‘tgan asr 60-yillarining oxirida navoiyshunoslikning eng muhim qismlaridan biri bo‘lgan Navoiy asarlarining tili va uslubi masalalarini keng ko‘lamda tadqiq etishni boshlab berdi. 1968 yilda qalamga olingan “Navoiy tilining dialektal asoslarini o‘rganish masalasiga doir” mavzusidagi maqolasida olim Navoiy asarlarining qaysi turkiy lahja va shevalarga asoslangani masalasini batafsil tahlil etadi. Navoiy o‘z asarlarida tez-tez qayd qilganidek, uning asarlari “Xitoydin to Xuroson”ga qadar tarqalgan turkiy el, urug‘ va xalqlarning barchasi uchun umumiy bo‘lgan adabiy tilda yozilgan, shu sababli, olimning fikricha, bu adabiy tilning dialektal manbalari o‘laroq Markaziy Osiyo hududlarida tarqalgan qarluq, og‘uz va qipchoq lahjalari birday xizmat qilgandir.
Professor X. Doniyorovning “Alisher Navoiy va o‘zbek adabiy tili” nomli ilmiy risolasida Markaziy Osiyo jo‘g‘rofiyasida XI asrda shakllangan adabiy tilning XV asrda ulug‘ shoir va mutafakkir tomonidan dunyoning eng rivojlangan va nafis adabiy tillari darajasiga olib chiqilgani, shu bois eski o‘zbek adabiy tili to XIX asrning 2-yarmiga qadar nafaqat o‘zbek etnosi, balki boshqa qardosh turkiy xalqlar uchun ham mushtarak adabiy til vazifasini bajarib kelganligi xususidagi qarashlar olg‘a suriladi.
Navoiyning tilshunoslik va uslubshunoslik borasidagi qarashlari X. Doniyorovning “Eski o‘zbek tili va qipchoq dialektlari” mavzusidagi kitobida teran tahlil qilib berilgan. Bu tahlillar yakunida olim “Alisher Navoiyning “Muhokamat ul-lug‘atayn” nomli mashhur asari uning umr davomida qilgan ilmiy-ijodiy mehnatining samarasi, tilshunoslikka oid ilmiy-nazariy fikrlarining yakuni va natijasidir. Bu asar tilshunosligimiz uchun katta bir madaniy meros va tuganmas xazinadir”, degan chuqur mantiqiy-ilmiy xulosani chiqaradi.
X. Doniyorov boshlab bergan Navoiy asarlari tili va uslubini o‘rganish ishini SamDU professorlari U. Sanaqulov va S. Karimovlar davom ettirdilar. Professor I. Mirzayev esa Ye. E. Bertels, V. V. Bartold kabi buyuk sharqshunoslarning Navoiy haqidagi asarlarini o‘zbek adabiy tiliga tarjima qilib, keng ilmiy jamoatchilikni bu noyob va teran ilmiy asarlar bilan tanishtirmoqda.
Samarqand navoiyshunoslik maktabida kamol kasb etib, ammo Toshkent va boshqa shaharlardagi ilmiy markazlarda faoliyat olib borgan va olib borayotgan olimlar haqida ham ko‘p va xo‘b gapirish mumkin. Ularning bu sohadagi izlanishlari va tadqiqotlarini alohida e’tirof etgan holda bemalol aytish mumkinki, mustaqillikdan keyin ijtimoiy hayotning barcha sohalarida kuzatilgani kabi Samarqanddagi navoiyshunoslik maktabi ham rivojlanishning yangi pallasiga qadam qo‘ydi. Navoiy asarlari bo‘yicha uchta doktorlik (M. Muhiddinov, Sh. Sirojiddinov, D. Salohiy) va bir nechta nomzodlik dissertatsiyalar himoya qilindi, o‘nlab kitob va monografiyalar, o‘quv qo‘llanma va darsliklar nashr etildi. Respublika miqyosida navoiyshunoslikning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan turli ilmiy-amaliy konferensiyalar muntazam o‘tkazib kelinmoqda. Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida “Temuriylar davrida yaratilgan “Xamsa”larning komparativistik tadqiqi” mavzusida fundamental tadqiqot olib borildi. Mazkur mavzuidagi loyiha doirasida 3 ta maqolalar to‘plami, 1 ta darslik, 2 ta o‘quv qo‘llanma, 7 ta monografiya nashr etildi. Monografiyalardan ikkitasi Germaniyaning “LAP LAMBERT” xalqaro akademik nashriyotida nashr etilgani xorij mutaxassislarining navoiyshunoslik haqidagi qarashlarining yanada to‘liq bo‘lishiga hissa qo‘shdi. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari tomonidan qo‘lga kiritilgan ilmiy xulosalar ilmiy maqola va tezislar shaklida respublika va xalqaro ilmiy jurnallarda, ilmiy konferensiyalarda e’lon qilindi.
Samarqand ilmiy maktabi navoiyshunoslik fanining yanada rivojlanishi uchun quyidagi vazifalarni hal qilishni maqsad qilishi lozim deb hisoblaymiz:
–Navoiy va Samarqand ilmiy-adabiy muhiti masalasini yanada chuqurroq o‘rganish, 16-19 asrlarda Samarqandda yaratilgan ilmiy va adabiy manbalarda Navoiyning shaxsi va ijodiga berilgan bahoni qiyosiy-tipologik tahlil qilish;
–Navoiy asarlari tilini lingvistik va lingvopoetik mezonlar asosida tadqiq etish va shu orqali o‘zbek adabiy tilining tarixiy tadriji haqida aniq xulosalar berish;
–Navoiy asarlari misolida o‘zbek mumtoz adabiyotining nazariy masalalarini o‘rganishni davom ettirish;
–musulmon Sharqi mintaqasida baqamti rivojlanib kelgan arab va fors-tojik adabiyotining an’analarini ijodiy o‘zlashtirib, yangi mazmun va mohiyat bilan boyitgan Alisher Navoiy ijodi tufayli uchinchi kuchli adabiy jarayon – turkiy xalqlar adabiyotining paydo bo‘lishi va rivojlanish tendensiyalarini ilmiy o‘rganish hamda bu evrilishlarda Navoiy ijodining roli va ahamiyatini ko‘rsatish;
–tarjimashunoslikning zamonaviy mezon va me’yorlari asosida Navoiy asarlarining jahondagi turli tillarga qilingan tarjimalarini o‘rganish, shoir asarlarining yangi tarjimalarini amalga oshirish;
–Navoiy ijodi bo‘yicha chet ellik olimlarning qilgan tadqiqotlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish, ularni xolis o‘rganish;
–o‘zbek tasavvuf she’riyatida Navoiy asarlari roli va ahamiyatini kompleks ravishda o‘rganish, she’riyati va nasriy asarlarida ilohiyot va diniy ma’rifat masalalarini tadqiq etish;
–Navoiy va adabiy aloqalar, an’ana va novatorlik masalalarini yirik planda (Navoiygacha bo‘lgan davr, Navoiy davri va Navoiydan keyingi davr) tahlil etish;

–dostonlarning nasriy bayonini yaratish, lirik asarlarga sharh yozish, nasriy asarlarni hozirgi o‘zbek adabiy tili me’yorlariga muvofiqlashtirish kabi usul va vositalar orqali Navoiyning ijod olamiga yaqinlashish va yosh avlodning ma’naviy olamini boyitishning samarali yo‘llarini izlab topish va amalda tatbiq etish;

–zullisonayn shoirning “Devoni Foniy” hamda boshqa forsiy merosini tarjima va tadqiq qilish, Navoiyning fors-tojik mumtoz she’riyati rivojiga ko‘rsatgan ta’sirini o‘rganish, an’ana va novatorlik, tatabbu’, tavr va muxtara’ g‘azallar o‘rtasidagi mushtarak va tafovutli jihatlarni aniqlash.

Bu vazifalar samarqandlik olimlar zimmasiga yanada ko‘proq zahmat chekish, ilmiy xolislik mezonlari asosida yangi-yangi tadqiqotlar yaratish, shu tariqa bu shaharni tom ma’noda jahon navoiyshunosligining asosiy markazlaridan biriga aylantirish vazifasini yuklaydi.
Muslihiddin Muhiddinov,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU professori, filologiya fanlari doktori
O‘zA