Vodiylik yosh dzyudochilar bellashdi
Andijon viloyati, Bo‘ston tumanida dzyudo bo‘yicha Farg‘ona vodiysi ochiq birinchiligi bo‘lib o‘tdi.
Bo‘ston tumani Bolalar va o‘smirlar sport maktabida tuman hokimligi, viloyat sport boshqarmasi hamda dzyudo federatsiyasi hamkorligida 2006-2007 yilda tug‘ilgan yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan dzyudo bo‘yicha vodiy ochiq birinchiligida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan 300 nafarga yaqin yosh sportchilar ishtirok etdi.
Qiziqarli, keskin kurashlarga boy tarzda o‘tgan musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, umumjamoa hisobida Andijon viloyati dzyu-dochilari birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Musobaqada o‘z vazn toifamda barcha raqiblarimdan ustun kelib, ustozlarim ishonchini oqladim, – deydi musobaqa g‘olibi, Bo‘ston tumani bolalar va o‘smirlar sport maktabi o‘quvchisi G‘ofurjon Homidov. – Ushbu g‘alaba meni yanada yuqori marralar sari yetaklaydi. Kelgusida mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda ham g‘oliblar qatorida bo‘lishga harakat qilaman.
Vodiy ochiq birinchiligida ikkinchi o‘rin farg‘onalik, uchinchi o‘rin esa namanganlik yosh dzyudochilarga nasib etdi.
Musobaqaning g‘olib va sovrindorlari tegishli medal va diplomlar bilan taqdirlandi.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA