Vodiyda turizm halqasi yaratiladi
Qirg‘iziston Respublikasining Botken viloyatida "Botken taraqqiyoti– davlat taraqqiyoti" mavzusida Xalqaro investitsiya va turizm forumi bo‘lib o‘tdi. Unda Farg‘ona va Botken viloyatlari o‘rtasida turizmni rivojlantirish bo‘yicha ikki tomonlama memorandum imzolandi.
Shu kuni Farg‘ona viloyati delegatsiyasi a’zolari "Turizmni rivojlantirishning muhim asoslari" konferensiyasida ishtirok etib, vodiy viloyatlari yagona sayohat halqasini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdilar.



–Agar biz birgalikda Xo‘jand, Qo‘qon, Marg‘ilon, O‘sh, Qadamjoy, Jalolobod, Arslonbob, Namangan, Andijon kabi sayohat manzillari ishtirokida turlar tashkil etsak, uch davlat chorrahasidagi Farg‘ona vodiysiga kelayotgan xorijiy sarguzasht ishqibozlari soni keskin ortadi, – dedi konferensiya ishtirokchisi, Farg‘ona viloyati hokimi o‘rinbosari Xurshid Ahmedov.


Botkendagi xalqaro forum doirasida sanoat, investitsiya va turizm sohasida faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar ishtirokida yarmarka tashkil etildi. Unda Farg‘ona viloyati vakillari Botkenning "Evro Servis Grup" kompaniyasi bilan qo‘shma korxona ochish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA muxbiri