Vobkent tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir
Bugun mamlakatimizda jinoyatchilikning har qanday ko‘rinishiga, ayniqsa, iqtisodiy xavfsizlikka tahdid soluvchi qalbaki pul muomalasi hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq qonunbuzarliklarga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda.
Davlat rahbari tomonidan jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi osoyishtaligini asrash, jinoyatchilikning oldini olish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar ana shunday chora-tadbirlarning huquqiy va amaliy asosini mustahkamlamoqda.
Bu borada Buxoro viloyati bojxona boshqarmasi Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari huquqni muhofaza qiluvchi boshqa idoralar bilan hamkorlikda Vobkent tumanida o‘tkazgan tezkor tadbir e’tiborga molik.

Tezkor tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan shaxsning yashash xonadoni belgilangan tartibda ko‘zdan kechirilganda, har biri 2 ming so‘mlik bo‘lgan jami 1 516 dona qalbaki banknota hamda ularni tayyorlashda foydalanilgan bir dona rangli printer aniqlangan.
E’tiborlisi, muomalaga chiqarilishi ko‘zlangan qalbaki pullarning umumiy nominal qiymati 3 million 32 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq holatning xavfli jihati faqat qalbaki pul tayyorlash bilan cheklanmagan.

Xonadonni ko‘zdan kechirish jarayonida og‘irligi 284,71 gramm bo‘lgan “marixuana”ga o‘xshash modda hamda xonadonda parvarishlab kelingan 7 tup “kannabis” o‘simligi ham topilgan.
Mazkur holat bir xonadon doirasida sodir etilgan alohida qonunbuzarlik emas, balki jamiyat xavfsizligiga bir vaqtning o‘zida bir nechta yo‘nalishda tahdid soluvchi holat sifatida baholanishi bilan ahamiyatli. Zero, qalbaki pul muomalasi iqtisodiy barqarorlik va fuqarolarning moliyaviy manfaatlariga zarar yetkazsa, giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlar aholi, ayniqsa, yoshlar hayoti va kelajagiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Shu ma’noda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zaro hamkorligiga asoslangan bunday tezkor tadbirlar nafaqat sodir etilgan jinoyatni fosh etish, balki uning ortida turgan xavfli ildizlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda. Tergov natijalariga ko‘ra, holatning barcha tafsilotlariga huquqiy baho beriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri