Vinisius: Neymar — mening kumirim, barcha fintlarni undan o‘rganganman
U hujumchi Neymar uning bolalikdagi kumiri bo‘lganini tan oldi.
Madridning "Real" klubi vingeri Vinisius Junior futbol bo‘yicha jahon chempionati starti oldidan Braziliya milliy terma jamoasidagi ichki muhit haqida so‘zlab berdi. Shuningdek, u hujumchi Neymar uning bolalikdagi kumiri bo‘lganini tan oldi.
"Terma jamoadagi kunlar — hayotimdagi eng yaxshi pallalardir. Men bu yerda eng ajoyib insonlar davrasidaman. Masalan, Paketa va Bruno Gimaraes bilan bolaligimdan beri birga o‘ynab kelaman. Jamoadoshlarim har doim mening do‘stlarim bo‘lishgan, o‘z mamlakatimiz sharafini himoya qilish bizga ulkan quvonch bag‘ishlaydi. Bundan yaxshiroq narsa yo‘q.
Neymarga kelsak, uning tez orada safga qaytishiga umid qilaman. U — mening kumirim. Maydonda ko‘rsatadigan barcha fintlarimni aynan undan o‘rganganman. Futbolda nimaiki qilgan bo‘lsam, barchasini u kabi bajarishga harakat qilganman. Uning terma jamoaga qaytishi juda muhim va o‘zgacha voqeadir. Neymar menga har doim to‘g‘ri maslahatlar berib kelgan.
Terma jamoa atrofida gapirilayotgan barcha bosimlar nihoyat barham topadi, deb umid qilaman. Biz Braziliya sharafini yana bir bor jahon chempionatida himoya qilishni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Qalbimizdagi bor g‘ayrat va quvonchni Nyu-Yorkdagi uchrashuvda maydonga ko‘chirmoqchimiz", — dedi Vinisius.