Viloyat hokimi talabalar bilan uchrashdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyatdagi oliy o‘quv yurtlarida bo‘lib birinchi bosqich talabalari bilan uchrashdi. Jumladan, Andijon mashinasozlik institutida o‘tkazilgan muloqot talaba-yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.
Viloyat hokimi dastlab yoshlarni talabalikka qabul qilinganliklari bilan tabrikladi. bugungi globallashuv davrida mamlakatimizda yoshlar tarbiyasi, ularning ta’lim olishi va kelajagi, jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun zarur barcha ishlar qilinayotganligi, yoshlarimiz ana shu e’tiborga munosib bo‘lishlari, Yangi O‘zbekistonni barpo etadigan bilimdon mutaxassislar bo‘lib yetishishlari kerakligini ta’kidladi.
– Yoshlar mamlakatimiz kelajagi, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissi bilan yashashi kerak, – dedi viloyat hokimi. – Qachonki, yoshlarimizda daxldorlik, mas’uliyat hissi bo‘lsagina ular o‘zining mustaqil fikriga ega bo‘ladi, jamiyatda hurmat-e’tibor topadi, ona yurtini ardoqlab yashaydi.
Suhbat davomida viloyatimizda faoliyat olib borilayotgan va yaqin yillarda ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan qator ishlab chiqarish korxonalarining barqaror, samarali faoliyat yuritishida aynan oliy ta’lim dargohlarida tahsil olayotgan yoshlarning o‘rni va roli muhim ekanligi, ayniqsa, texnika va texnologiyalar yuksalib borayotgan bugungi kunda intellektual bilimi kuchli, vaziyatni to‘g‘ri baholay oladigan yoshlarning mamlakat rivojidagi hissasi muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
[gallery-8855]
Shundan so‘ng viloyat hokimi talabalarni qiynayotgan muammolar bo‘yicha ularning murojaat, taklif, fikr va mulohazalarini eshitdi. Bir qator muammolar shu yerning o‘zida hal etildi. Ayrim masalalarni hal etish, ayniqsa, talabalarni turarjoy bilan ta’minlash, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish yuzasidan mutasaddi va mas’ullarga topshiriqlar berdi.
Uchrashuvda Andijon viloyatida talabalarning darsdan bo‘sh vaqtida ishlab, daromad topishi bo‘yicha tajriba shakllanayotganligi aytildi. Hozirda oliy o‘quv yurtlari talabalarga darsdan bo‘sh vaqtida ishlashi uchun imkoniyat va qulay sharoit yaratib berish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilayotganligi, jumladan, bundan buyon institut talabalariga ham viloyatda avtomobilsozlik tizimi korxonalarida ishlab, daromad topish imkoni yaratib berilishi qayd etildi.
Bir guruh faol talabalar so‘z olib, yoshlarga yaratib berilayotgan qulay sharoitlar, keng imkoniyatlar uchun Prezidentimizga, viloyat hokimiga minnatdorlik bildirdi. Uchrashuvda o‘z fikrlarini teran bildirib, faollik ko‘rsatgan 3 nafar talabaning kontrakt pullarini viloyat hokimi to‘lab berdi.
Viloyat hokimi talabalarni qiziqtirgan barcha savollarga atroflicha javob berdi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA