Viloyat hokimi “Navbahor”ga omad tiladi
Namangan viloyati hokimi X.Bozorov Namangan shahridagi “Markaziy” oʻyingohida “Navbahor” klubi rahbariyati, murabbiylar va jamoa aʼzolari bilan uchrashdi.
Namangan viloyati hokimi X.Bozorov Namangan shahridagi “Markaziy” oʻyingohida “Navbahor” klubi rahbariyati, murabbiylar va jamoa aʼzolari bilan uchrashdi.
Viloyat rahbari klub jamoasini karantin tufayli qariyb uch oy davom etgan tanaffusdan coʻng Superliga oʻyinlarining boshlanayotgani bilan qutlab, “Navbahor” jamoasiga muvaffaqiyat tiladi.
– Hozirgi sharoitda hamyurtlarimizga yuqori kayfiyat, joʻshqin ruh beradigan omillar zarur, – dedi X.Bozorov. – Futbol, shubhasiz, shunday omillar qatoriga kiradi. Muxlislarimiz sizning chiroyli oʻyinlaringiz, yutuqlaringizdan kuch-quvvat oladi. Biz bu yil katta rejalarni koʻzlaganmiz. Xususan, jamoa oldiga Osiyo Chempionlar ligasi yoʻllanmasini qoʻlga kiritish vazifasi qoʻyilgan. Ushbu vazifani toʻlaqonli ado etib, muxlislar ishonchini oqlaysiz, “Navbahor” klubining maqomini yuksak darajaga chiqarasiz degan umiddaman.
Viloyat hokimi “Navbahor”ning xorijlik legioneri Igor Golbanni Oʻzbekiston fuqaroligini qabul qilganligi bilan tabrikladi.
Uchrashuvda “Navbahor” bosh murabbiyi A.Kanchelskis, jamoa sardori A.Ahmedov, jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri A. Turgʻunboyev soʻzga chiqib, qoʻllab-quvvatlash va klubda yaratilayotgan sharoitlar uchun minnatdorlik bildirdi. Jamoa bir tan, bir jon boʻlib maqsad sari intilishi, muxlislar ishonchini oqlash uchun bor kuch-gʻayratini sarflashiga ishontirdi.
Boʻlajak masʼuliyatli oʻyinlar oldidan jamoa aʼzolarini ruhlantirish maqsadida “Navbahor” murabbiylar shtabi va futbolchilariga ism-shariflari yozilgan va klub ramzi tushirilgan esdalik qoʻl soatlari sovgʻa qilindi.
Maʼlumot uchun, 14-iyun kuni Coca Cola Superliga 4-turi doirasida “Navbahor” safarda “Nasaf” jamoasiga qarshi toʻp suradi.