Viloyat hokimi bitiruvchi talabalar bilan muloqot o‘tkazdi
Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Andijon davlat tibbiyot instituti bitiruvchi talabalari bilan uchrashib, muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi mamlakatimizda oliy ta’lim tizimini isloh qilish, o‘qitishni xalqaro talablar darajasiga olib chiqish, malakali mutaxassislar tayyorlash, talaba yoshlarning o‘qib, puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini yuzaga chiqarishlari uchun barcha sharoitlar yaratib berilayotganligi, ayniqsa, bitiruvchi talabalar bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilayotganligini ta’kidladi.
– Bugun yoshlar, ayniqsa, oliy o‘quv yurtlarini tamomlayotgan bo‘lajak kadrlar nafaqat malakali mutaxassis, balki mamlakatimiz kelajagiga, amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini chuqur anglashlari lozim, – dedi viloyat hokimi. – Qachonki, yoshlarimiz daxldorlik, mas’uliyat hissini chuqur anglasagina, ular jamiyat rivojiga munosib hissa qo‘sha oladi.


Bugungi kunda 40 dan ortiq tibbiy ixtisoslik yo‘nalishi bo‘yicha 12 ming 900 nafarga yaqin talaba tahsil olayotgan Andijon davlat tibbiyot institutini joriy o‘quv yilida 1 ming 795 nafar talaba tamomlab, yosh mutaxassis sifatida ish boshlaydi.
Muloqotda bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, ularni munosib ish o‘rinlariga joylashtirish hamda tibbiyot muassasalarini malakali shifokor kadrlar bilan ta’minlash masalalari xususida atroflicha so‘z yuritildi.
Muloqot davomida, ayniqsa, viloyatning chekka hududlaridagi tibbiyot muassasalarida shifokorlarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash, yosh mutaxassislarni o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘naltirish va ular uchun zarur mehnat sharoitlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Uchrashuvda viloyat hokimi talaba yoshlarni qiziqtirgan masalalar, bitiruvchi talabalarning fikr-mulohazalari, taklif va murojaatlarini eshitdi, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash, yosh kadrlarning kasbiy faoliyatini boshlashi uchun amaliy yordam ko‘rsatishga tayyor ekanligini bildirdi.
Muloqot davomida bitiruvchi talabalar tomonidan bildirilgan ayrim murojaatlar joyida hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganish va muayyan vaqt talab etadigan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Bitiruvchi talabalarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligini ta’minlashga qaratilgan ushbu muloqot ana shu yo‘nalishdagi qator muammolarni ijobiy hal etishga xizmat qildi.
Faxriddin Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri