Vengriyalik olimdan mahorat darslari
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Nukus filiali talabalariga Vengriya Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist Agoch Gergey mahorat darslarini o‘tdi.
So‘nggi yillarida o‘quv jarayoni sifati va saviyasini tubdan yaxshilash, musiqa san’ati sohasida jahonning yetakchi oliy ta’lim muassasalari, ijodiy markazlar, taniqli kompozitor, musiqachi va ijrochilar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jumladan, xorijiy mutaxassislarni mamlakatimizga taklif etish borasida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Yoshlarimizning dunyoqarashi, ma’naviy saviyasi va estetik tarbiyasini yuksaltirish maqsadida musiqa san’atini har tomonlama rivojlantirish, boy musiqiy merosimizni chuqur o‘rganish, yosh avlodni milliy va jahon musiqa san’atining mumtoz namunalariga muhabbat ruhida tarbiyalash soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Vengriyalik olimning mazkur tashrifi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada mustahkamlash, filial hayoti bilan yaqindan tanishish hamda mahorat darslarini olib borish maqsadida tashkil etildi. Mehmon filialda yaratilgan sharoitlarga yuksak baho berdi. Olim tomonidan o‘tilgan mahorat darslari talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Madaniy tadbirda filialning kamer hamda “Jayhun” xalq cholg‘ulari orkestrlari va iqtidorli talaba-yoshlar tomonidan jonli ijrodagi konsert dasturi namoyish etildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri