Velotrekchilarimiz muvaffaqiyati
Hindistonda o‘smirlar o‘rtasida velotrek bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Hindistonda o‘smirlar o‘rtasida velotrek bo‘yicha o‘tkazilgan Osiyo kubogining ikkinchi bosqichida O‘zbekiston terma jamoasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni O‘zbekiston velosport federatsiyasi vakillari, sport jamoatchiligi va muxlislar kutib oldi.
Osiyo kubogi ikkinchi bosqichining jamoaviy poygalarida Vatanimiz sharafini himoya qilgan Semyon Sevastyanov, Rustam Sultonov, Dilmurodjon Siddiqov, Jahongir A’zamov va Dmitriy Pankratov kabi iqtidorli o‘smirlardan iborat jamoamiz barcha raqiblarini ortda qoldirdi.
Dilmurodjon Siddiqov, Dmitriy Pankratov va Jahongir A’zamov musobaqaning jamoaviy bahslarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Ochkolar bo‘yicha o‘tkazilgan guruh poygalarida hamyurtimiz Dilmurodjon Siddiqov finish chizig‘ini birinchi bo‘lib bosib o‘tib, O‘zbekiston farzandlari hech kimdan kam emasligini isbotladi.
Terma jamoamiz a’zolaridan Andrey Izmaylov, Nafosat Koziyeva hamda Anastasiya Ten musobaqaning kumush medallarini qo‘lga kiritdi.
– Nufuzli musobaqalarda erishayotgan g‘alabalarimiz mamlakatimizda yoshlarning iqtidor va iste’dodini namoyon etishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar samarasidir, – deydi D.Siddiqov. – Niyatimiz jahon chempionati va Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarishdir.