Velosportchilarimizning muvaffaqiyati
O‘zbekistonlik velopoygachilar Qozog‘istondagi xalqaro turnirda uch karra zafar quchdi.
Qozog‘istonda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Shkolnik Kazaxstana» xalqaro velopoyga musobaqasi O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Salombek Hasanov 90 kilometrlik guruh poygasida g‘olib bo‘lgan bo‘lsa, Shoislom Shoakmalov musobaqaning umumiy hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Fazliddin Ergashev esa «Tog‘ velopoygachisi» nominatsiyasida eng yaxshi natijani qayd etdi.
Musobaqaning 7-bosqichidan o‘rin olgan 90 kilometrlik guruh poygasida Salombek Hasanov 2 soat 9 daqiqa 38 soniya natija bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Uning g‘alabasiga terma jamoa a’zolari Fazliddin Ergashev, Chingiz Cho‘liyev, Shoislom Shoakmalov, Abduvahob Yusufjonov va Manuchehr Abdurasulov ham munosib hissa qo‘shdi.
Turnirning barcha bosqichlari yakunlari bo‘yicha umumiy hisobda Shoislom Shoakmalov eng yuqori natijani qayd etib, musobaqa chempioniga aylandi. Fazliddin Ergashev esa bir necha kun davomidagi barqaror ishtiroki bilan «Tog‘ velopoygachisi» nominatsiyasida g‘olib deb topildi.
Shu tariqa O‘zbekiston terma jamoasi «Shkolnik Kazaxstana» xalqaro velopoyga musobaqasida umumjamoa hisobida ham birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA