“Vazir va yoshlar”: ilhom, tajriba va kelajakka ishonch
Bugungi kunda yoshlar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazish, ularning fikr va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda. Ayniqsa, turli sohalar rahbarlarining yoshlar bilan bevosita uchrashuvlari ularda katta maqsadlar sari intilish, Vatanga xizmat qilish hissini yanada mustahkamlaydi.
Ana shunday mazmunli tadbirlardan biri Qorako‘l ixtisoslashtirilgan maktab-internatida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri, general-mayor Azizbek Ikromov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot qildi.

Tadbir avvalida mehmonlar ta’lim muassasasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdilar. Zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, o‘quvchilar uchun yaratilgan qulay muhit, ularning bilim olishi va iqtidorini rivojlantirishga qaratilgan imkoniyatlar alohida e’tirof etildi. Shuningdek, internat muzeyiga tashrif buyurilib, uning tashkil topish tarixi, rivojlanish bosqichlari hamda o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalarida qo‘lga kiritgan yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Shundan so‘ng o‘quvchilar bilan ochiq muloqotda Azizbek Ikromov o‘zining hayot yo‘li, xizmat faoliyati va to‘plagan tajribasi haqida samimiy fikrlar bildirdi. U yoshlarni Vatanga sadoqat, fidoyilik, intizom va doimiy izlanishda bo‘lishga chaqirib, har bir imkoniyatdan samarali foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Uchrashuv davomida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, sohadagi zamonaviy yondashuvlar, shuningdek, yosh kadrlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida muhim ma’lumotlar taqdim etildi. Bu esa o‘quvchilarda mazkur sohaga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirdi.

Bunday uchrashuvlar yoshlar uchun katta hayotiy saboq va ilhom manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ular nafaqat bilim va tajriba almashish, balki yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, ularni yuksak maqsadlar sari ruhlantirishda muhim o‘rin tutadi. Shubhasiz, ana shunday muloqotlar orqali kelajakda yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan bilimli, vatanparvar va tashabbuskor yoshlar safini yanada kengaytirish mumkin.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.