Vazir o‘rinbosari Xorazmda tezkor otryad faoliyatini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bahodir Mirzarahimov Xorazm viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbar otryadi shaxsiy tarkibining xizmat faoliyati hamda ular uchun yaratilgan shart-sharoitlarni o‘rgandi.
Tashrif davomida otryad xodimlarining xizmatni tashkil etish holati, jangovar shayligi, intizomi va zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarish samaradorligi ko‘zdan kechirildi. Shuningdek, shaxsiy tarkib uchun yaratilgan maishiy va xizmat sharoitlari, texnik jihozlanish darajasi hamda moddiy-texnik ta’minot masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

– Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishda safarbar otryad xodimlarining mas’uliyati va fidoyiligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlarni kengaytirish doimiy e’tibor markazida bo‘lib qoladi, – deya ta’kidladi Bahodir Mirzarahimov.


O‘rganishlar jarayonida xodimlar bilan muloqot qilinib, ularning taklif va murojaatlari tinglandi. Xizmat samaradorligini yanada oshirish, shaxsiy tarkibning jangovar va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, shuningdek, xizmat o‘tash uchun munosib shart-sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mas’ul rahbarlarga tegishli topshiriqlar berildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri