Vazir o‘rinbosari navoiylik yoshlar bilan uchrashdi
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Farhod Boqiyev “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan Navoiy shahridagi 11-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘quvchilar bilan uchrashdi.
Uchrashuvda ta’lim, san’at, sport va madaniyat sohalarida yuqori natijalarga erishayotgan iqtidorli yoshlar, shuningdek, muddatidan oldin talaba bo‘lish huquqini qo‘lga kiritgan o‘quvchilar ishtirok etdi.
Mazkur maktabda bugungi kunda 2015 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Ta’lim muassasasida 171 nafar pedagog faoliyat yuritib, ularning asosiy qismi yuqori malaka toifasiga ega. O‘qituvchilarning sifat tarkibi 91 foizni tashkil etadi.

– Maktabimiz jamoasi so‘nggi yillarda qator yutuqlarga erishib kelmoqda, – deydi maktab direktori Gulnora Jumaniyozova. – Ta’lim maskanida 4 nafar davlat mukofoti sovrindori, 35 nafar “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohiblari faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 101 nafar o‘qituvchi milliy va xalqaro sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. 2024-2025 o‘quv yilida 148 nafar bitiruvchining 95,3 foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Natijada maktab shahardagi umumta’lim maktablari orasida birinchi o‘rinni egalladi. O‘quvchilarimiz ham Respublika va xalqaro miqyosdagi tanlov hamda olimpiadalarda yuqori natijalarni qayd etmoqda. Jumladan, kimyo, biologiya, matematika va ekologiya yo‘nalishlaridagi musobaqalarda g‘oliblik qo‘lga kiritildi. Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida maktab o‘quvchilari kumush va bronza medallarini qo‘lga kiritib, mamlakatimiz sharafini munosib himoya qildi.
– Joriy yilning 15-22-aprel kunlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida o‘tkazilgan 60-Xalqaro Mendeleyev kimyo olimpiadasida ishtirok etib, bronza medalini qo‘lga kiritdim, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Firdavs Erkinov. – Kimyo fanini bolaligimdan yaxshi ko‘raman. Ushbu fan orqali tabiatdagi ko‘plab jarayonlarni anglash mumkinligi menda katta qiziqish uyg‘otgan. Shu sababli doimiy o‘qish, izlanish va mashg‘ulotlar olib borishga harakat qilaman. Erishgan natijam ortida ota-onamning ishonchi, ustozlarimning qo‘llab-quvvatlashi va maktabimizda yaratilgan imkoniyatlar mujassam. Kelajakda ilm-fan sohasida yanada yuqori natijalarga erishib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganman. Men barcha yoshlarga o‘z ustida ishlashdan to‘xtamaslikni, bilim olishdan charchamaslikni maslahat beraman. Chunki har bir yutuq ortida mehnat, sabr va katta ishonch turadi.
Tadbir davomida yoshlar o‘z g‘oya va tashabbuslari bilan o‘rtoqlashdi. Ularning taklif va murojaatlari tinglanib, vazir o‘rinbosari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri