Vatanni mardlar qoʻriqlaydi
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” mavzusida tadbir oʻtkazildi.
Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston Milliy kutubxonasida Mudofaa vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida “Mardlar qoʻriqlaydi Vatanni” mavzusida tadbir oʻtkazildi.
Yozuvchi-shoirlar, faxriy harbiylar, el ardogʻidagi sanʼatkorlar, taniqli jurnalist va Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining birinchi kurs kursantlari ishtirokidagi tadbir yurt osoyishtaligi, Vatan taraqqiyoti va xalqning farovon yashashi uchun oʻz hissasini qoʻshayotgan harbiylar hayotidan olingan videolavha namoyishi bilan boshlandi.

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzolari Shukur Qurbon, Baxtiyor Haydarov, Bobur Bobomurod, Amir Xudoyberdi, Abdumajid Azimov, Oʻktamoy Xoldorovalar harbiylarning yurt osoyishtaligidagi oʻrni haqida gapirdi.
Harbiy sohani tanlagan kursantlar bu yoʻl ota-bobomizdan qolgan sharafli yoʻl ekanligi, har qadamda Jaloliddin Manguberdi, Amir Temur avlodi ekanligidan faxrlanib yurishlari taʼkidlandi.

– Bugun zamon shiddatiga hamohang harbiy soha ham taraqqiy etmoqda, – dedi Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, isteʼfodagi polkovnik Zikrilla Neʼmatov. – Harbiylari qudratli yurt, qudratli boʻladi, deya bejizga aytilmagan. Bugun sohaga yoʻnaltirilgan maktablardan tortib, oliy oʻquv yurtlari ham zamonaviy texnikalar bilan taʼminlangan. Oʻquvchi va kursantlar ilgʻor pedagoglar saboqlarini olmoqda. Ular vatanparvar boʻlib ulgʻayishi uchun yozuvchi-shoirlar, fan va madaniyat xodimlari hamda olimlar ishtirokida uchrashuvlar tashkil etilib, ochiq darslar oʻtilmoqda.
Tadbirda Vatan himoyachilarga bagʻishlangan sheʼrlar oʻqildi, sanʼatkorlar qoʻshiq kuyladi. Bayram doirasida kutubxonada “Yurtimiz tinchligining mustahkam qalqonlari” mavzusida koʻrgazma ochildi.