Vatanga xizmat chegara bilmaydi (+video)
Yaqinda Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Uz Global Think” xalqaro forumi xorijda istiqomat qilayotgan, ilm-fan, ta’lim, iqtisodiyot, innovatsiya, texnologiya va madaniyat sohalarida faoliyat yuritayotgan vatandoshlarimizni bir maqsad atrofida jamladi.
15 mamlakatdan 40 nafar vatandosh ishtirok etgan anjuman ularning O‘zbekiston taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va kelgusidagi hamkorlik imkoniyatlarini namoyon etdi.
Bugun Berlindagi Gumboldt universitetida faoliyat yuritayotgan Ahmad Hamidov ham ilm-fanni amaliyot bilan uyg‘unlashtirgan qator loyihalari bilan O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
— Germaniyada turli jamiyatlar, jumladan, o‘zbeklar birlashib, muntazam ravishda uchrashib, fikr almashib turamiz. Asosiy maqsadimiz — O‘zbekistonga qanday yordam berish, ayniqsa, ilm-fan sohasida qanday ko‘mak ko‘rsatish mumkinligini muhokama qilish, — deydi Ahmad Hamidov.
Uning ta’kidlashicha, ayni paytda O‘zbekiston bilan hamkorlikda suv resurslaridan samarali foydalanish, qishloq xo‘jaligi va ekologik muammolarga ilmiy yechim topishga qaratilgan bir nechta loyiha amalga oshirilmoqda.
Shulardan biri Kogon tumanidagi loyihamiz kollektor-zovur suvlarini maxsus texnologiya asosida tozalash va qayta ishlash orqali qishloq xo‘jaligida foydalanish imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Bu nafaqat suv resurslaridan oqilona foydalanish, balki qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirishga ham xizmat qiladi.
Yana bir loyiha yig‘ib olingan o‘simliklardan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Ya’ni tabiatdagi chiqindilarni foydali resursga aylantirish orqali ham iqtisodiy, ham ekologik samaraga erishish ko‘zda tutilmoqda.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi — zamonaviy laboratoriya tashkil etish. Germaniyadan olib kelingan maxsus jihozlar yordamida tuproqning sho‘rlanish darajasi, suv tarkibi va boshqa muhim ko‘rsatkichlar o‘rganilmoqda.
E’tiborlisi, bu tadqiqotlar faqat laboratoriya bilan cheklanib qolmayapti. Maxsus jihozlar bilan ta’minlangan mobil laboratoriya orqali mutaxassislar bevosita fermerlar dalasiga borib, tahlillarni joyning o‘zida amalga oshirmoqda. Bu esa muammoni tez aniqlash va fermerga amaliy tavsiya berish imkonini yaratmoqda.
Darhaqiqat, xorijda orttirilgan ilmiy tajriba, zamonaviy texnologiya va yangi g‘oyalarni O‘zbekiston taraqqiyotiga yo‘naltirish — bugungi vatandoshlarimizning muhim tashabbuslaridan biri.
Nigora Rahmonova,
Salim Obidjonov (montaj),
O‘zA