Vatan ravnaqi yo‘lida birlashaylik
Nurafshon shahridagi Yoshlar markazida “Mutaxassislik sening kelajaging” mavzusida kasblar festivali o‘tkazildi. Unda tuman va shaharlardagi kasb-hunar maktablarining o‘quvchilari o‘z amaliy ishlarini namoyish etdi.
Tadbirda Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari vakillari, viloyati xalq ta’limi boshqarmasi, hamkor tashkilotlar xodimlari ishtirok etdi.
Festival doirasida yoshlarga “Mutaxassislik sening kelajaging” mavzusidagi psixologik trening, “Rektor va yoshlar”, “Professional ta’lim muassasalari rahbarlari va yoshlar” uchrashuvlari ham tashkil etildi.
Shu bilan birga, yoshlarni sport musobaqalariga jalb qilish, ayniqsa, mahallalarda ommalashayotgan “Street Workout” maydonchalarida shug‘ullanib yurgan yoshlarimiz ishtirokida musobaqa o‘tkazildi. G‘oliblarga Jismoniy tarbiya va sport boshqarmasining esdalik sovg‘alari, diplomlar topshirildi.
Toshkent davlat agrar universitetida “O‘zbekiston ilm fani yoshlar nigohida” mavzusida o‘tkazilgan tadbirda viloyat hokimi v.b. Davron Hidoyatov, Yoshlar ishlari agentligi Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov, oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh olimlar va soha mutaxassislari ishtirok etdi.
Forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazmada yosh tadqiqotchilar va doktorantlarining ilmiy ishlari, qishloq ho‘jalik mahsulotlari, baliqchilik yo‘nalishidagi yangiliklar, asalarichilikdagi yangi yutuqlar taqdimoti o‘tkazildi. Shundan so‘ng ishtirokchilar talabalarning ilm olishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishlari uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.
Viloyat hokimi v.b Davron Hidoyatov ishtirokidagi ochiq muloqotda yosh olimlar va pedogoglar ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami farzandlariga bepul bilim berish tashabbusini ilgari surdi. Eng yaxshi ilmiy loyihalar, taklif va tashabbus egalariga viloyat hokimining estalik sovg‘alari berildi.
A.Musayev, O‘zA