Vatan o‘g‘lonlari xotirasi yod etildi
Andijonda Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.
Asosiy tadbir Andijon shahri markazidagi Xotira xiyobonida o‘tkazildi.
Vatan, uning erki va ozodligi yo‘lida qancha-qancha mard va jasur vatandoshlarimiz aziz jonlarini fido qilgan. Ularning qahramonliklari, ko‘rsatgan jasoratlari hech qachon unutilmaydi. Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan ular xotirasi yodga olindi. Andijon shahri markazidagi Xotira xiyoboniga o‘rnatilgan Motamsaro ona haykali poyiga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov boshchiligida harbiy xizmatchilar, Qurolli Kuchlar faxriylari hamda keng jamoatchilik vakillari, yoshlar tomonidan orkestr sadolari ostida guldastalar qo‘yildi.
[gallery-15460]
–Yurt ozodligi, himoyasi yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimiz, o‘g‘lonlarimizni yod etish, biz uchun ham qarz, ham farz, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Abdulhamid Nurmatov. – Ana shunday mard ajdodlarimiz bilan hamisha faxrlanamiz, ularning xotirasiga ehtirom ko‘rsatamiz. Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbir yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, yurtga sadoqat va hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan bu kabi tadbirlar viloyatdagi harbiy qism, mehnat jamoalari va ta’lim muassasalarida bo‘lib o‘tmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari