Vatan kelajagi uchun masʼulmiz!
Mamlakatning jadal rivojlanishi, muayyan yutuqlarga erishishi, xalqning farovon turmush kechirishi oʻsha davlatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga beriladigan eʼtibor darajasiga chambarchas bogʻliq.
Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.
Bugungi kunda yurtimizda yoshlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli innovatsion gʻoyalari va startap loyihalarini roʻyobga chiqarish, ishbilarmonlik sifatlarini rivojlantirishga katta eʼtibor berilmoqda.
Buning dalili sifatida, «Oʻzmilliybank» AJ “Yoshlar – kelajagimiz” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumani “Beruniy” mahallasi madaniyat saroyida Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun mahallada yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan ceminar-trening boʻlib oʻtdi.
Seminar davomida Oʻzbekiston Milliy banki yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish departamenti masʼul rahbar xodimlari tomonidan yoshlarga shaxsiy biznesni yoʻlga qoʻyishdagi imtiyozlar, yoshlarning innovatsion, startap va biznes tashabbuslari, gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash, moliyalashtirish, biznes koʻnikmalariga oʻqitish boʻyicha yangi mavjud imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi.
Shuningdek yosh tadbirkorlarga tajribali mutaxassislar tomonidan psixologik yordam, inqirozdan chiqib ketish asosiy biznes vazifalarini hal etish, strategik reja tuzish, marketing, operatsion va moliyaviy menejment kabi yoʻnalishlarda maslahatlar berildi.
Oʻz navbatida «Oʻzmilliybank ” AJ mutasaddilari Toshkent viloyati mahallalaridagi yoshlar yetakchilari bilan birgalikda bandligi taʼminlanmagan yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, biznes loyihalarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha hamkorlikdagi samarali ishlarni boshlab yubordi.
Respublikaning boshqa viloyat va shaharlaridagi mahallalar yoshlar yetakchilari bilan uchrashuvlar davom etmoqda.
«Oʻzmilliybank» AJ matbuot xizmati