Vatan himoyasi – muqaddas burch
Namanganda yigitlarning dastlabki guruhi muddatli harbiy xizmatga kuzatildi.
Namanganda yigitlarning dastlabki guruhi muddatli harbiy xizmatga kuzatildi.
Tadbirda soʻzga chiqqan Sharqiy harbiy okrug qoʻshinlar qoʻmondoni oʻrinbosari, polkovnik S.Boyboboyev, Namangan viloyati hokimining birinchi oʻrinbosari A.Kamolov va boshqalar tomonidan mamlakatimiz Qurolli Kuchlari salohiyatini oshirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlar haqida soʻz yuritildi.

– Prezidentimizning 2020-yil 6-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini harbiy xizmatga chaqirish tartibini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, bu yil chaqiriluvchilarni harbiy xizmatga chaqirish jarayoni yangicha tizimda tashkil etilmoqda, – deydi Namangan viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi boshligʻi, podpolkovnik E.Hojiahmedov. – 2019-yil 10-avgustdan boshlangan jarayonda chaqiriluvchilar oʻrtasida tanlov oʻtkazilib, ularning umumjismoniy tayyorgarligi aniqlandi. Bundan tashqari, kasbiy tanlov boʻyicha sinovlar hamda yakka tartibda suhbatlar oʻtkazildi. Ular orasidan saralab olingan yigitlar tuman, shahar butlash komissiyalarida tegishli tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgach, viloyat harbiy-tibbiy komissiyasi xulosasi asosida harbiy xizmatga joʻnatilmoqda. Butlash komissiyasi, harbiy-tibbiy komissiya hamda hududiy tibbiy komissiya qarori va xulosasidan norozi boʻlgan chaqiriluvchilar va ularning ota-onalari tomonidan Rahbariyat kengashiga, shuningdek, belgilangan tartibda sudga shikoyat qilinishi mumkin.

Shuningdek, marosimda askarlar hamda ularning ota-onalariga, jamoatchilik vakillariga harbiy xizmatchilar uchun yaratilgan sharoitlar haqida maʼlumot berildi.

– Oʻgʻlimning koʻplab tengdoshlari orasida jiddiy sinovlardan oʻtib, askarlikka loyiq topilgani ona sifatida men uchun katta baxt, – deydi askar B.Rahimovning onasi M.Ziyamova. – Bu oʻgʻlimninggina emas, butun oilamizning ham shaʼnidir. Oʻgʻlim harbiy xizmat davomida ham shunga munosib boʻlishiga ishonaman.

Harbiy xizmatga yoʻl olayotgan yigitlarga viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi hamda Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.
