Vashington Kubaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi (+video)
AQSH Kuba rahbariyatiga qarshi sanksiyalarni kengaytirib, prezident va Raul Kastro oilasi a’zolarini ham cheklovlar ro‘yxatiga kiritdi, deb xabar berdi DW nashri.
AQSH Kubaga nisbatan bosimni yana kuchaytirdi. 4-iyun kuni Oq uy Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel va mamlakatning sobiq rahbari Raul Kastro oilasining bir necha a’zosiga qarshi iqtisodiy sanksiyalar joriy qildi. Bu qaror Vashington va Gavana o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi oylarda yanada taranglashgan bir paytda qabul qilindi.
Dias-Kanelga qarshi sanksiyalar avval ham, o‘tgan yil iyul oyida, AQSH Davlat departamenti tomonidan kiritilgan edi. Yangi cheklovlar esa uning o‘zi bilan birga rafiqasi va o‘gay o‘g‘lini ham qamrab oldi.
Shuningdek, Raul Kastroning o‘g‘li va nabiralaridan biri ham sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Raul Kastro — Kuba inqilobi rahbari Fidel Kastroning ukasi hisoblanadi. 95 yoshli siyosatchi rasman davlat lavozimlarini egallamasa-da, mamlakatda muhim qarorlar qabul qilinishida hanuz ta’sirga ega deb hisoblanadi.
O‘tgan oy AQSH Raul Kastroga qarshi ham ayblovlar e’lon qilgan edi. U 1996-yilda ikki fuqarolik samolyotining yo‘q qilinishiga aloqadorlikda gumon qilinmoqda. O‘sha hodisada to‘rt kishi halok bo‘lgan.
Vashington so‘nggi oylar davomida Gavanaga bosimni izchil ravishda oshirib kelmoqda. Kuba hukumati vakillari AQSHni orolga qarshi harbiy harakatlar uchun bahona izlashda ayblamoqda.
Florida shtati sohillaridan taxminan 145 kilometr uzoqlikda joylashgan Kuba 1962-yildan buyon AQSH iqtisodiy embargosi ostida yashab kelmoqda. Hozir mamlakat Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyingi eng og‘ir iqtisodiy inqirozni boshdan kechirmoqda. Elektr energiyasi uzilishlari va yoqilg‘i tanqisligi aholi hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/i8VEgF87i_A" title="Vashington Kubaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salim Obidjonov, O‘zA