Vashington – Dehli kelishuvi: Moskva bilan savdo to‘xtadimi?
Oq uy rahbari Donald Tramp Dehli bilan yangi savdo kelishuviga erishilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Amerika bozoriga kirayotgan hind mahsulotlariga qo‘yilgan boj stavkasi 25 foizdan 18 foizgacha kamaytiriladi.
Kelishuv AQSH prezidenti Donald Tramp va Hindiston bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasidagi telefon muloqotidan so‘ng e’lon qilindi.
Ta’kidlanishicha, bitim doirasida Hindiston Rossiyadan neft xaridini to‘xtatishga rozi bo‘lgan. Shu bilan birga, Vashington Moskva bilan energetik aloqalar sabab joriy etilgan qo‘shimcha 25 foizlik jazolovchi bojni bekor qilmoqda. Rasmiylarga ko‘ra, endilikda Dehli energiya importida AQSH va ehtimol Venesuelaga yuzlanadi.
Modi kelishuvni yuqori baholab, “ajoyib qaror” deb atadi va mamlakat aholisi nomidan Trampga minnatdorlik bildirdi. Ushbu jarayonlar fonida Nyu-York fond birjasida savdo qilinadigan yirik hind kompaniyalari aksiyalari sezilarli o‘sdi.
Ekspertlar fikricha, kelishuvning aniq mexanizmlari hali ochiqlanmagan. Bojlarning qachondan kuchga kirishi, RF neftidan voz kechish muddati va savdo to‘siqlari qaysi yo‘nalishlarda qisqartirilishi bo‘yicha rasmiy hujjatlar hozircha e’lon qilinmadi. Tomonlarning tegishli vazirliklari ham masalaga izoh bermagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA