Valyuta birjasida savdo vaqti uzaytiriladi
10-avgustdan valyuta savdolari soat 17:00 gacha davom etadi.
O‘zbekistonda valyuta bozori faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan navbatdagi o‘zgarishlar kuchga kirmoqda. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, 2026-yil 10-avgustdan boshlab O‘zbekiston valyuta birjasida savdo sessiyalari uzaytiriladi.
Yangi tartibga muvofiq, har bir bank ish kunida valyuta birjasidagi savdolar soat 10:00 dan 17:00 gacha amalga oshiriladi. Hozirgi tartibda esa savdo sessiyalari soat 15:00 gacha davom etmoqda.
Yangi tartibning muhim jihatlaridan biri — rasmiy valyuta kursini hisoblash mexanizmi bilan bog‘liq. 10-avgustdan boshlab rasmiy valyuta kursi valyuta birjasi hamda birjadan tashqari banklararo valyuta bozorida amalga oshirilgan bitimlarning o‘rtacha tortilgan qiymati asosida hisoblanadi.
Markaziy bank tomonidan hisoblangan rasmiy valyuta kursi 17:30 da e’lon qilinadi. Bu o‘zgarish valyuta bozoridagi real operatsiyalar va bozor ishtirokchilarining talab-taklifini rasmiy kurs shakllanishida yanada kengroq aks ettirishga qaratilgan.
Markaziy bankning tushuntirishicha, xorijiy valyutalarning so‘mga nisbatan almashuv kursi ma’muriy tarzda belgilanmaydi. Ya’ni, kurs valyuta birjasi va birjadan tashqari banklararo valyuta bozoridagi talab va taklif asosida amalga oshirilgan bitimlar natijasida shakllanadi. Shu nuqtai nazardan, savdo sessiyalarining uzaytirilishi bozor ishtirokchilariga valyuta operatsiyalarini amalga oshirish uchun ko‘proq vaqt taqdim etadi hamda valyuta bozoridagi talab va taklifning kurs shakllanishida aks etish imkoniyatini kengaytiradi.
Valyuta birjasida savdo sessiyalarini uzaytirish va rasmiy valyuta kursini hisoblash bo‘yicha mazkur o‘zgarishlar 2026-yil 10-avgustdan kuchga kiradi. Shu tariqa, valyuta bozorida savdo vaqtining uzaytirilishi va kursni shakllantirishda bozordagi bitimlar hajmining yanada keng qamrab olinishi valyuta bozori mexanizmlarini takomillashtirishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA