Vaksinatsiya eng xavfsiz usul
Vaksinatsiya xavfsiz va samarali usul. Kasallarni ro‘yxatga olish, bemorlarni shifoxonalarga yotqizish va davolash, karantin qoidalarini kuchaytirib, uyga qamash bilan koronavirus xastaligini yenga olmaymiz.
Buning uchun jamoaviy immunitet kerak. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, vaksinatsiya jarayoni mutlaqo xavfsiz bo‘lib, u insonlar uchun suv va havodek zarur.
– Zaif immun tizimi kasallikni yenga olmaydi, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i yordamchisi Abduvahob Rustamov. – Kuchli immunitetni hosil qilish kerak. Vaksinatsiya jarayoni xavfsiz. U inson immun tizimiga hech qanday salbiy tasir ko‘rsatmaydi. Tibbiy profilaktikaning eng samarali, hammabop usuli ham emlashdir. Bunda jamoaviy immunitet hosil bo‘ladi. Bu amaliyot tibbiyotda bugun qo‘lanilayotgani yo‘q. Agar ko‘plab kasalliklarning oldini olish uchun emlash ishlari o‘z vaqtida o‘tkazilmaganda edi, gepatit, qizilcha, qizamiq, tuberkulyoz va qoqshol ham ko‘payishiga olib kelgan bo‘lardi.
Sirdaryo viloyatida 96 ta koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash punkti faoliyat ko‘rsatayotir. Unda 113 nafar shifokor, 148 nafar vaksinator, 99 nafar registrator ro‘yxati shakllantirilib, ular tomonidan immunizatsiya jarayonlari amalga oshirilmoqda. Emlash punktiga kela olmaydigan yoshi katta, nogiron fuqarolar uchun 84 ta mobil brigada faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. bugungi kungacha 141 ming 547 nafar fuqarodan 110 nafari Sputnik V vaksinasi bilan, qolganlari esa ZF-UZ-2001 vaksinasining 1, 2, 3-dozalari bilan emlandi.

– "Emlash.UZ" bazasini shakllantirganmiz, – deydi Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Furqat Aslonov. – Shu kungacha Sirdaryoda 141 mingdan ortiq fuqaro emlangan bo‘lib, ular orasida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan fuqarolar aniqlanmadi. Hatto statistik hisobotlarda qayd etilmadi. O‘zim shifokorman. Birinchilar qatorida AstraZeneca vaksinasini oldim. Vaksinaning hech qanday nojo‘ya ta’sirini sezmadim.

– Yoshim yetmishda, menda surunkali yondosh kasalliklar bor, – deydi Boyovut tumanining Yangi avlod mahallasida yashovchi fuqaro Bozorboy bobo Jo‘rayev. – Birinchilardan bo‘lib ZF-UZ-2001 vaksinasini Guliston shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli ko‘p tarmoqli poliklinikada olgan edim. Yurtimizda 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolarga “COVID-19” ga qarshi ommaviy emlash uchun barcha sharoitlar yaratib berildi.
Shunday ekan asossiz xabarlarga ishonmasligimiz, aksincha barchamiz davlatimiz tomonidan yaratib berilgan imkoniyatlardan oqilona foydalanishimiz lozim. Zero, bu o‘zimiz va yaqinlarimiz salomatligi uchun juda muhim.
Shuhrat Suyarov,
Furqat Toshmatov(surat), O‘zA