Uzum o‘zimizning bog‘dan
Tahririyatga odatdagidan vaqtliroq kelib kundalik ishlar rejasiga ko‘z tashlab o‘tirganimda xonamga hamkasbim Akrom aka kirib “Shunday muqaddas yurtda tug‘ilganimga ming shukr”, dedi ko‘zlari quvnab.
Tahririyatga odatdagidan vaqtliroq kelib kundalik ishlar rejasiga ko‘z tashlab o‘tirganimda xonamga hamkasbim Akrom aka kirib “Shunday muqaddas yurtda tug‘ilganimga ming shukr”, dedi ko‘zlari quvnab.Hamkasbimning juda ta’sirchanligini yaxshi bilsam-da, tabiatan bosiq inson bo‘lgani bois uning dabdurustdan bunday deyishi bejiz emasligini tushunib, unga yuzlandim.
– Mustaqillik bayrami oldidan tashkil etilayotgan qishloq xo‘jalik mahsulotlari savdo yarmarkalari haqida ma’lumot olish va narx-navo bilan tanishish maqsadida yo‘l-yo‘lakay bozorga tushdim, – deya so‘zida davom etdi Akrom aka. – To‘g‘risi, rastalardagi turli noz-ne’matlar, katta-katta yuk mashinalaridan tushirilayotgan meva-cheva, qovun-tarvuz, sabzavot mahsulotlarini ko‘rib, ko‘zim to‘ydi, ko‘nglim to‘ldi. Yo‘q narsaning o‘zi yo‘q. Narxi arzon. Aslida, bozorda sotuvchi va xaridor qattiq savdolashadi, talashib, tortishadi. Lekin narxning arzonligi tufayli ko‘pchilik savdolashayotgani yo‘q. Dehqon aytgan bahoda mahsulotni xarid qilyapti. Bejirim yelim savatchalarda tok barglari bilan birga terib qo‘yilgan qop-qora kishmish uzumni ko‘rib, havasim keldi. Besh ming so‘mga ikki kilo oldim. Qarang, salomatligimiz uchun zararli sigaretu turli bo‘yoq va konsentratlardan iborat bir litr ichimlik to‘rt-besh ming bo‘lib turganda, hech qanday zararsiz, aksincha, koni foyda bo‘lgan to‘yimli va vitaminlarga boy uzum va boshqa mevalarning bir kilosini ikki-uch ming so‘mga olish mumkin. Tabiatning bizga bebaho in’omi-da bu. Endi tandirdan uzilgan ikkita non ham oldim. Yuring, birga tamaddi qilamiz.
Suhbat chog‘ida kuni kecha viloyat iqtisodiyot bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotlar haqida gapirdim.
Statistik ma’lumotlarda qayd etilishicha, o‘tgan asrning to‘qsoninchi yillari boshida Samarqand viloyatida 30 ming gektarga yaqin tokzor bo‘lib, hosildorlik 53,6 sentnerni tashkil etgan. 2014-yilda esa tokzorlar 40 ming gektardan ortib, o‘rtacha 135 sentnerdan hosil olingan. Joriy yilning o‘tgan davrida 1 ming 168 gektar yangi tokzor yaratildi, 730 gektari rekonstruksiya qilindi. Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida g‘oyat istiqbolli yo‘nalish sifatida qaralayotgan intensiv bog‘dorchilik tajribasi tokzorlar yaratishda ham qo‘llanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan dasturlar asosida viloyatning Samarqand, Jomboy, Bulung‘ur, Urgut, Tayloq tumanlarida meva-sabzavot, tok va bog‘dorchilik bo‘yicha yuzlab loyihalar amalga oshirilayotir.
Keyingi besh yilda viloyatda uzum yetishtirish 3 barobar oshgan. O‘tgan yili viloyat bo‘yicha qariyb 500 ming tonna uzum tayyorlangan. Ayni paytda ushbu miqdordagi mahsulotni ichki bozorga va eksportga chiqarish, saqlash va qayta ishlash uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Viloyatda uzum, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarini sifatli saqlash quvvatiga ega o‘nlab muzlatkichli omborxonalar ishlab turibdi. Meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan tumanlarda uzumni quritish va qayta ishlash korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu borada ayniqsa Samarqand tumanida olib borilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Tumanda mavjud to‘rt yuzdan ortiq fermer xo‘jaligining aksariyati uzumchilik bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda ular ixtiyorida 3 ming 896 gektar tokzor mavjud. Joriy yilda 663 gektar maydonda yangi tokzor yaratilib, parvarishlanmoqda.
– Prezidentimizning meva-sabzavotchilik, bog‘dorchilik va uzumchilikni rivojlantirishga oid qarorlari qabul qilingan, – deydi Samarqand tumani qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Nekro‘z Haqberdiyev. – Davlatimiz rahbarining 2013-yil 13-martdagi “2013-2015-yillar davrida respublikada uzumchilikni yanada rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori bu borada yana bir muhim qadam bo‘ldi. Mazkur dastur asosida tumanimizda ham tokzorlarni kengaytirish va mavjudlarida hosildorlikni oshirish, intensiv texnologiyalardan foydalanish, mahsulotni qayta ishlash va saqlash bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etilmoqda. Buning natijasida bugun tumanda yiliga ellik ming tonnadan ziyod uzum yetishtirilmoqda. Mahsulotni saqlash va qayta ishlashga ixtisoslashgan o‘ndan ziyod korxona faoliyat ko‘rsatmoqda. Yil yakuniga qadar yana uchta muzlatkichli omborxona qurilishi rejalashtirilgan. Bu yil bahor oylaridagi tabiat noqulayliklariga qaramay bog‘bonlarimizning agrotexnik tadbirlarni obi-tobida bajarishi evaziga tokzorlarimizda mo‘l hosil yetishtirildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, fermerlar 3 ming 233 gektar tokzordan 161 sentnerdan uzum olishni mo‘ljallagan. Mahsulotning qariyb 37 ming tonnasi ichki bozorga yo‘naltirilsa, 2 ming tonnasini eksportga chiqarish, 12 ming tonna uzumni qayta ishlash korxonalariga topshirish rejalashtirilgan. Qariyb 1000 tonna mahsulot poytaxtimiz, Samarqand va boshqa shaharlardagi qishloq xo‘jalik savdo yarmarkalariga yetkazib beriladi.
Shu yil mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va “O‘zvinosanoat-xolding” kompaniyasi tomonidan Samarqand tumanida uzumchilikni rivojlantirish, mavjud tokzorlar samaradorligini oshirish va yangilarini barpo etishda ilg‘or agrotexnologiyalarni amaliyotga keng joriy etish masalalariga bag‘ishlangan respublika seminari o‘tkazilib, tadbir qatnashchilari mazkur yo‘nalishda tumanda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi. “Abdurauf Davronov” fermer xo‘jaligining yangi tashkil etilgan o‘n gektar tokzori parvarishi va tok qator oralarida sabzavot mahsulotlari ekish tajribasi seminar qatnashchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
– Ushbu maydondagi tok qalamchalari o‘tgan yil noyabr oyida ekilgan, – deydi “Abdurauf Davronov” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Abdug‘affor Davronov. – Bahorda ular to‘liq amal olib, barg yozdi. Ikkinchi yildan boshlab nishona bersa-da, tok asosan uchinchi yildan hosilga kiradi. Shuning uchun birinchi va ikkinchi yilda tok qator orasida ekin ekish mumkin. Hozir yangi tokzorda kartoshka, piyoz, bodring, lavlagi va boshqa sabzavot ekinlari yetishtirmoqdamiz. Bu ekinlarni sug‘orish va ishlov berish tok rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Kelgusi yilda tok qator oralariga sim tortib, novdalarni ko‘taramiz va hosilga tayyorlaymiz. Chunki tokni simga ko‘tarish hosildorlikni o‘ttiz-qirq foizga oshirish va sifatli uzum olish imkonini beradi. Hozir mavjud 19 gektar maydondagi tokzorda ana shu usulda uzum yetishtirilmoqda. Hosildorlik o‘rtacha ikki yuz sentnerni tashkil etayotir.
El orasida “uzumini yengu, bog‘ini surishtirmang”, degan hazilomuz gap bor. Aynan shu sohaga tegishli bo‘lmagan va boshqacha ma’no-mazmun kasb etadigan bu gapning mohiyatini biroz o‘zgartirib, “uzumini yengu, bog‘ini ham surishtiring”, deb qo‘llasak javob quyidagicha bo‘lishi tabiiy: UZUM O‘ZIMIZNING BOG‘DAN, SERQUYoSh YuRTIMIZNING TABARRUK ZAMINIDAN.