Uzoq yillik orzu amalga oshdi
Buxoro viloyati Vobkent tumanidagi 5-umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘qishni yangi binoda boshlashadi.
–Maktabimizning avvalgi binosi 1184 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, ikkita o‘quv binosi 1971-1978 yillarda qurilgan. Yana bir o‘quv bino 1991 yilda yog‘ochdan qurilgan. Ayni paytda ancha eskirib qolgan edi, – deydi Vobkent tumanidagi 5-umumta’lim maktabi direktori G‘olib Omonov. – Joriy yilda investitsiya dasturi doirasida ta’lim muassasamizning 764 o‘rinli ikkita blogi kapital ta’mirlandi. Eski yog‘och bino o‘rniga 300 o‘rinli yangi bino qad rostladi. Ayni paytda qurilish-ta’mirlash jarayonlarining so‘nggi bosqichlari olib borilmoqda.


9 milliard 170 million so‘m mablag‘ evaziga amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash jarayonlari natijasida maktab tamoman yangicha qiyofa ega bo‘ldi. Ochig‘i, jamoa bunday ko‘rkam va zamonaviy maktabni uzoq yillardan buyon orzu qilgan. Mana, mustaqilligimizning 32 yilligi oldidan ularning orzusi ushaldi.
Zamonaviy dizayn asosida bezatilgan keng va shinam sinf xonalari, fan kabinetlari, rang-barang adabiyotlar bilan boyitilgan kutubxona, sport zal, laboratoriya xonalari – bularning barchasi o‘quvchilar ixtiyorida.



Yangi o‘quv yilida maktabning 1-sinfiga 114 nafar bolajonlar ilk qadam qo‘yadi. Ularni zamonaviy jihozlangan sinf xonalarida “Prezident sovg‘alari” kutmoqda.
Maktabda tayyorgarlik bayramona. Albatta, har bir berilayotgan imkoniyat ortida mas’uliyat, javobgarlik turadi. Jamoa ana shu mas’uliyatni anglagan holda yangi o‘quv yilida yangicha shijoat bilan yangi marralarni ko‘zlagan.
Zarif Komilov, O‘zA