Uzoq muddatli strategiya ishlab chiqildi
Toshkent xalqaro investitsiya forumi joriy yilning eng muhim iqtisodiy tadbirlaridan biri sifatida yuksak ahamiyatga ega bo‘ldi.
Unda nafaqat O‘zbekiston, balki xalqaro hamjamiyat uchun ham dolzarb bo‘lgan masalalar muhokama qilindi.
Forumning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy investorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish va strategik islohotlarni xalqaro maydonda tanitishdan iborat bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi nutqi O‘zbekistonning ochiqlik siyosatiga, innovatsiyalar va xalqaro hamkorlikka sodiqligini yaqqol namoyon etdi. Unda dunyo miqyosidagi siyosiy va iqtisodiy o‘zgarishlar fonida O‘zbekistonning strategik yondashuvlari, xususan, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va IT eksporti kabi sohalardagi yutuq va maqsadlari haqida keng ma’lumotlar berildi.

Eng avvalo, forumda 100 ga yaqin davlatdan 3 mingga yaqin xorijiy mehmonlarning ishtiroki O‘zbekistonning global maydondagi nufuzi oshib borayotganidan darak beradi. Mamlakatimizga bo‘lgan ishonchning kuchaygani – iqtisodiy islohotlar samarasi va barqaror siyosiy muhitning natijasidir. Prezidentimiz tomonidan keltirilgan raqamlar – IT eksportining 1 milliard dollarga yetishi, 2030-yilga kelib, bu ko‘rsatkichni besh barobarga oshirish rejasi, 500 megavattli 20 ta “data markaz” qurilishi – bu mamlakatning raqamli transformatsiya yo‘lida jiddiy harakat qilayotganini ko‘rsatadi. Ayniqsa, “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” loyihasi yosh avlodni yangi texnologiyalar asosida tayyorlashga qaratilgan uzoq muddatli strategik yondashuvdir.
Forum doirasidagi sessiyada Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham “Boston Consulting Group” kompaniyasi bilan birgalikda Qoraqalpog‘istonni 2035 yilgacha rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatli strategiya ishlab chiqilganligini ma’lum qilar ekan, Qoraqalpog‘istonning kelajagi milliy ustivor vazifalardan biri ekanligini ta’kidladi va bu shunchaki rejalar tuzish emas, balki aniq sa’y-harakatlarni amalga oshirish yuzasidan ish yuritilayotganligiga e’tiborni qaratdi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda ko‘plab muammolar mavjudligi, ayniqsa, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish va ta’lim sohasida o‘z yechimini kutayotgan masalalar borligini, shu bilan birga, juda katta imkoniyatlar ham mavjudligini ta’kidladi. Iqlim sharoiti og‘ir bo‘lishiga qaramay, o‘zida takrorlanmas tabiiy go‘zallik va turizm uchun haqiqiy imkoniyatlari mujassam ekanligini, mintaqada mavjud imkoniyatlar ko‘lamini teranroq anglash uchun investorlar kelib, o‘zlari Qoraqalpog‘istonning katta potensialini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish va bu imkoniyatlarning shohidi bo‘lishlari hamda ushbu imkoniyatlar ko‘lamini baholashlari uchun taklif qilishini aytib o‘tdi.
– Maqsadimiz shunchaki investitsiya olib kelish emas, balki kiritilgan sarmoya mahalliy aholiga yordam berishi, tadbirkorlarni qo‘llab- quvvatlashi va yoshlar uchun yorqin kelajak yaratishga ishonch hosil qilishdir,– dedi Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun shuni aytish mumkinki, Toshkent xalqaro investitsiya forumi to‘rtinchi bor o‘tkazilmoqda. Forum birinchi marta 2022 yil 24-26 mart kunlari, ikkinchi marta 2023 yil 27-28 aprel kunlari va uchinchi marta 2024 yil 2-3 may kunlari bo‘lib o‘tgan. Mazkur forum O‘zbekistonning yangi iqtisodiy yuzini namoyon etuvchi muhim platforma sifatida tarixda qoldi. Uning samarasi faqat imzolangan shartnomalarda emas, balki ularning amaliy ijrosi va mamlakatning investitsiya muhitini tubdan yaxshilashda namoyon bo‘ladi. Forum – faqat tadbir emas, balki yangi bosqichga o‘tish ramzidir. Bu safargi forum biznes muhit jahon standartlariga moslashayotganini ko‘rsatadi va investorlarda ishonch paydo qildi.
Mazkur forumda yana iqtisodiy rivojlanish, investitsiyalar, yashil energiya, raqamli texnologiyalar yoki xavfsizlik kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi. Bu mavzular global hamjamiyat uchun muhim, shu bilan birga, O‘zbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega.
Forumda turli mamlakatlardan kelgan delegatsiyalar ishtirok etdi, yangi shartnomalar, memorandumlar imzolandi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Forum O‘zbekistonning xalqaro hamkorlikka tayyor ekanini, investitsiyalar uchun ochiqligini va islohotlarni chuqurlashtirishdagi qat’iyatini ko‘rsatdi.
Muxtasar qilib aytganda, davlatimiz rahbarining ushbu nutqi O‘zbekistonning global investitsion muhitdagi o‘rni, innovatsiyalarni ilgari surishdagi qat’iyati va xalqaro hamkorlikdagi ochiqligini ko‘rsatdi. Bu nafaqat investorlarga, balki mamlakatimiz ichkarisidagi islohotlar natijadorligiga ham yangi turtki beradi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Guljan Xalmuratova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O’zLiDeP fraksiyasi a’zosi
O‘zA