UZINSURANCE: mijozlar manfaati uchun
bugungi iqtisodiy islohotlar jarayonida sug‘urta xizmatlarining o‘rni tobora mustahkamlanib bormoqda.
Mamlakat sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari tomonidan iqtisodiyot tarmoqlarini, biznesni, qolaversa aholini sug‘urta himoya bilan qamrab olish bo‘yicha qator amaliy choralar ko‘rilmoqda. Xususan, yangi turdagi sug‘urta mahsulotlari ishlab chiqilib amaliyotga joriy etilyapti.
Ayni paytda “Uzinsurance” savdo brendi ostida faoliyat yuritayotgan “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan chorak davomida 200 mingdan ortiq sug‘urta shartnomalari rasmiylashtirilgan. Shuningdek, sug‘urta xizmatlari jozibadorligini oshirish, mijozlar uchun qulayliklar yaratish maqsadida faoliyatga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, onlayn elektron polislar sonini ko‘paytirish yuzasidan amaliy harakatlar olib borilmoqda.
Kompaniya bozordagi nufuzi va mavqeidan kelib chiqib, mijozlar ishonchini oqlashga harakat qilib kelmoqda. bugungi kunda sug‘urta bozorida jami 42 ta sug‘urtalovchi kompaniya bo‘lsa, ular orasida sug‘urta mahsulotlarining xalqchilligi va qulayligi bo‘yicha “Uzinsurance” yetakchilik qiladi. Bu ko‘tsatkich Moliya vazirligi huzuridagi Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi tomonidan chop etilgan barcha ochiq manbalardagi moliyaviy hisobotlarda ham aks etgan.
Xususan, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston sug‘urta bozorida 6,8 million dona sug‘urta shartnomalari tuzilgan bo‘lsa, shundan sal kam 1,2 million donasi “Uzinsurance” tomonidan rasmiylashtirilgan.
Ta’kidlash kerakki, sug‘urta shartnomalarini rasmiylashtirish bo‘yicha yetakchilik o‘z-o‘zidan bo‘lmadi. Kompaniya 2021 yilda sug‘urtaning ijtimoiy ahamiyatidan kelib chiqqan holda o‘z faoliyatini mahallabay ishlash yo‘nalishiga qaratdi. Jumladan, kompaniya xodimlari aholi xonadonlariga kirib, ularning talab va istaklarini o‘rgandi. Bunda asosiy e’tibor “Temir” daftarga, “Ayollar” va “Yoshlar” daftariga kiritilgan fuqarolarga qaratildi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab har bir mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimining yordamchisi lavozimi ta’sis etilganidan xabaringiz bor. Shuningdek, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Respublika komissiyasi va respublika vakillarining ishchi organlari tashkil etildi va hududlarga biriktirildi. Ayni paytda kompaniyamiz vakillari ham hududlarga biriktirilgan bo‘lib, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish, ularning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, mahallabay ishlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishda bevosita joylarning o‘zida faoliyat olib bormoqda.
Aytish joiz, 2021 yilda aholi manfaatlariga xizmat qiladigan yangi turdagi sug‘urta mahsulotlari amaliyotga joriy qilindi. Xususan, fuqarolarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq bo‘lgan sug‘urta mahsuloti ya’ni, ularga vaksinatsiya jarayonida chin ma’noda tirgak bo‘lishi uchun yangi sug‘urta turi ishlab chiqildi. Ushbu sug‘urta polisi amal qilish davrida sug‘urtalangan shaxsning “COVID-19” vaksinatsiyasi doirasida qabul qilgan, rasman hujjatlashtirilgan vaksinaning salbiy oqibatlaridan moliyaviy himoyalashni nazarda tutadi.
Davlatimiz rahbarining 2021 yil 23 oktyabrdagi “Sug‘urta bozorini raqamlashtirish va hayot sug‘urtasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan eng ommabop sug‘urta turlarini onlayn shakli amaliyotga tatbiq etildi.
bugungi kunda kompaniyada transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish, avtotransport vositasiga o‘rnatilgan gaz uskunalaridan foydalanish oqibatida yuz berishi mumkin bo‘lgan qaltisliklardan sug‘urta qilish, aholi turar-joy imoratlari va uy-ro‘zg‘or buyumlarini kompleks sug‘urta qilish, baxtsiz hodisalardan va yuqumli kalliklardan ehtiyot shart sug‘urta qilish kabi sug‘urta turlarini onlayn rasmiylashtirish imkoniyati yaratilgani shular jumlasidandir.
2022 yilning birinchi choragi ko‘rsatkichlar ham kompaniyaning xalqchilligini yana bir bor tasdiqlaydi. “Uzinsurance” tomonidan joriy yilning birinchi choragida yig‘ilgan sug‘urta mukofotlarining aksariyat qismi ixtiyoriy sug‘urta turlariga to‘g‘ri kelmoqda.
Qabul qilingan sug‘urta majburiyatlari 15,8 trillion so‘mni tashkil etsa, o‘z navbatida o‘tgan davr mobaynida 8,3 milliard so‘m sug‘urta tovonlari to‘lab berilgan.
Kompaniya «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da yangi turdagi sug‘urta mahsulotlarini ishlab chiqib, aholiga taqdim etishni maqsad qilgan. Zero, “Har bir mijoz muhim, uning manfaatlari ustuvor”.
UZINSURANCE Axborot xizmati