"Uzbekistan Airports" kompaniyasida O‘zbek tili bayrami kuni nishonlandi
Avlodlarni birlashtirib, xalq tarixini asrab kelayotgan ona tilimiz «Uzbekistan Airports» va tizimdagi korxonalarda o‘tkazilgan bayram tadbirining bosh mavzusiga aylandi. O‘zbek tili bayrami hamda «Davlat tili haqida»gi Qonun qabul qilinganining 37 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda kompaniya xodimlari, madaniyat sohasi vakillari va «Mutolaa» kitob loyihasi jamoasi ishtirok etdi.
Bayram dasturi nafaqat muhim sanani yodga olish, balki shuningdek, xalqning ma’naviy ildizlariga yana bir bor qaytish, ona tilimizning boyligi va jamiyatdagi ahamiyatini anglash uchun ajoyib bir imkoniyat bo‘ldi. Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari va ziyolilar ona tilimiz, uning tarixi va adabiy merosimiz haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Tadbir qatnashchilari til mamlakatimiz o‘tmishi, bugungi kuni va kelajagi o‘rtasida jonli ko‘prik bo‘lib qolishini qayd etdi.
Uzbekistan Airports boshqaruv raisining ma’naviyat va davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sarvar Fayzullayev so‘zga chiqib, kompaniya boshqaruv raisi Javlonbek Umarho‘jayevning tabrigini o‘qib eshittirdi. Unda o‘zbek tilining go‘zalligi va jozibadorligi, buyuk ajdodlarimizning ijodiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir davomida tilga, so‘zga, milliy madaniyatimizga e’tibor, hurmatni ulug‘lovchi she’rlar o‘qildi.
Roman BONDARCHUK, O‘zA