Uyushmagan yoshlar harbiy poligonda
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi raisi Jamshid Xodjaev 100 nafar uyushmagan yoshlar bilan birga “Kattaqo‘rg‘on” harbiy poligonida 10 kunlik harbiy xizmatga jo‘nab ketdi.
Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi raisi Jamshid Xodjaev 100 nafar uyushmagan yoshlar bilan birga “Kattaqo‘rg‘on” harbiy poligonida 10 kunlik harbiy xizmatga jo‘nab ketdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha Navoiy viloyati namuna etib belgilangan edi. Shu munosabat bilan viloyat hokimligi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy harbiy okrug Qo‘mondonligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur tadbir yoshlarning dunyoqarashini shakllantirishda muhim omil bo‘ladi.
Joriy yilning 25 fevralidan 2 martiga qadar davom etishi belgilangan harbiy xizmatda yoshlarning irodasi har tomonlama sinovdan o‘tkazilib, yurt o‘g‘lonining Vatan oldidagi haqiqiy yigitlik burchi va mas’uliyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Harbiy xizmatning dastlabki kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy harbiy okrugining “Kattaqo‘rg‘on” harbiy poligon bazasida maxsus dastur asosida uyushmagan yoshlar uchun tashkil etilgan harbiy-vatanparvarlik lagerida ishtirokchilarni harbiy poligon shaharchasi bilan tanishtirishdan boshlandi.
Bundan tashqari, xizmat davomida “O‘z-o‘zini boshqarish va idrok etish” psixologik seminar-treninglar, harbiy sport estafetasi, sport turlari bo‘yicha musobaqa: turnikka tortilish, brus, tosh ko‘tarish, arqon tortish, “Harbiy-vatanparvarlik lageridan olgan taassurotlarim” mavzusida insholar tanlovi hamda gulxan atrofida ishtirokchilar, harbiy xizmatchilarning viloyat rahbarlari bilan uchrashuvi o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, yoshlar yigitlik burchini o‘tash davrida o‘quv-immitatsiya granatalarni uloqtirish, jangovar tayyorgarlik bo‘yicha amaliy me’yorlarni bajarish, harbiy-tibbiyot asoslarini o‘qitish, o‘quv joyi – ommaviy qirg‘in qurollaridan himoyalanish me’yorlarini bajarish, BTGR qurolidan ko‘rgazmali o‘q otish kabi mashg‘ulotlarni bajaradi.
Harbiy xizmat yakunida yoshlarning ota-onalarini ham poligonga taklif etish rejalashtirilgan.