Uyushgan jinoyatchilik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Senatning 20-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Qonun muhokamasi jarayonida huquqbuzarliklarni barvaqt aniqlash va oldini olish, jamoat tartibini ta’minlash hamda fuqarolarning tinch va osoyishta hayotini muhofaza qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Jinoyat sodir etish usullarining o‘zgarib borishi, uyushgan jinoyatchilikning yangi shakllari paydo bo‘lishi javobgarlik choralarini zamonaviy tahdidlarga mos ravishda takomillashtirishni taqozo etmoqda, - dedi Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov. – Qonun bilan uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashishning huquqiy mexanizmlarini kuchaytirishga qaratilgan qator muhim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jinoyat kodeksi jinoiy uyushma faoliyatini moliyalashtirganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi yangi norma bilan to‘ldirilmoqda. Shuningdek, jinoiy uyushma tashkil etilishi yoki uning tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni yashirishga hokimiyat yoki mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali homiylik qilganlik uchun ham alohida javobgarlik belgilanmoqda.
Uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda. Jinoyat sodir etgunga qadar 14 yoshga to‘lgan shaxslarning uyushgan guruh tarkibida bezorilik sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Qonun bilan bezorilik oqibatida qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish, shuningdek, jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan og‘ir shikast yetkazish uchun javobgarlikni kuchaytirish ham nazarda tutilmoqda.
Yana bir muhim yangilik: jangovar sport turlari bo‘yicha sport musobaqalarini qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki o‘tkazish uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Bunday musobaqalarda ishtirok etganlik uchun esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda alohida javobgarlik chorasi nazarda tutilmoqda.
Mazkur jinoyatlar bo‘yicha dastlabki tergovni qaysi organlar amalga oshirishiga oid protsessual normalar ham aniqlashtirilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun jinoiy uyushmalarning moliyaviy manbalarini cheklash, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, yoshlarni jinoiy muhit ta’siridan himoya qilish va og‘ir oqibatlarga olib keluvchi zo‘ravonlik jinoyatlarining oldini olishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA