Uychi tumaniga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Namangan viloyati Uychi tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, viloyat va tuman faollari, tashkilotlar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Sessiyada qatnashgan Namangan viloyati hokimi, senator Shavkat Abdurazzoqov keyingi yillarda tumanda olib borilgan ishlar, “Uychi tajribasi” doirasida erishilgan yutuqlar asnosida, ishda yo‘l qo‘yilgan xato-kamchiliklarga urg‘u qaratib, hududlarni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Sessiya ishida tashkiliy masala ko‘rib chiqilib, Deputatlar tomonidan Namangan viloyati hokimining Shuhrat Mirsodiqovich Musayevni Uychi tumani hokimi lavozimidan ozod etish va tuman Kengashining deputatlik vakolatini muddatidan oldin soqit qilish hamda Muzaffar Abdug‘aniyevich Abdullayevni Uychi tumani hokimi etib tayinlash to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan ma’qullandi.
Muzaffar Abdullayev 1984 yil 5 sentyabrda Namangan viloyati Uychi tumanida tug‘ilgan. 2006 yili Namangan davlat universiteti iqtisodiyot fakulteti, 2009 yili esa mazkur oliygohning magistratura bo‘limini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2007 yili Namangan viloyati moliya boshqarmasida boshliq yordamchiligidan boshlagan.
Keyingi yillarda u viloyat moliya boshqarmasi, Respublika Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari ta’lim va tibbiyot muassasalarini moddiy-texnika bazasini rivojlantirish jamg‘armasi, Namangan shahar moliya bo‘limi, Namangan shahar hokimligi – investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi, viloyat iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasida turli mas’ul va rahbarlik vazifalarda ish olib borgan.
Muzaffar Abdullayev yangi tayinlovga qadar Namangan viloyati iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.