Ustozlar milliy forumi: natijalar tahlil qilindi, muhim vazifalar belgilandi
Bobur shahrida “Sifatli ta’lim – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining mustahkam poydevori” shiori ostida beshinchi Ustozlar milliy forumi bo‘lib o‘tdi.
Yangi o‘quv yili, qolaversa, mamlakatimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yillik bayrami oldidan o‘tkazilgan forumda Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarining tajribali o‘qituvchi va murabbiylari, soha faxriylari, yosh pedagoglar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov so‘z olib, ishtirokchilar, ular orqali viloyatdagi barcha ta’lim tizimi vakillarini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik bayrami hamda yangi o‘quv yili bilan muborakbod etdi.


Ustozlar milliy forumida o‘tgan o‘quv yilida viloyat ta’lim tizimida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar, o‘quvchi-yoshlarning yutuqlari, sohadagi islohotlar samaradorligi atroflicha tahlil qilindi. Shu bilan birga, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va maktablarda o‘qitish metodikasini yanada takomillashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
– Yurtimiz kelajagi ko‘p jihatdan ta’limga, uning darajasi, qolaversa, bugun biz o‘qitayotgan yoshlarning bilim va salohiyatiga bog‘liq, – deydi viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov. – Shu bois ham, mamlakatimizda ta’lim sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan bu borada keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Albatta, bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, bilimli, salohiyatli, yurt uchun manfaat keltiradigan, uning ravnaqiga xizmat qiladigan yosh avlodni tarbiyalashdir.
Ayni kunda viloyatdagi ta’lim muassasalarida pedagoglarning samarali faoliyat olib borishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan.


Forumda yangi o‘quv yilida yutuqlar salmog‘i, ta’limning sifat va samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim vazifalar belgilab olindi.
Jumladan, yangi o‘quv yilida ta’lim darajasi past bo‘lgan maktablar sonini kamaytirish, til bilish hamda milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog va o‘quvchilar sonini oshirish, o‘quvchilarni kasb-hunarga, xorijiy tillarni o‘rganishga yo‘naltirish, pedagoglarning bilim va malakasini yuksaltirish, ilg‘or pedagoglar tajribasini ommalashtirish, mavjud muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan ham vazifalar belgilandi.

Forum doirasida yosh avlod ta’lim-tarbiyasiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh fidoyi pedagoglar va tizim xodimlari viloyat hokimligi, maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan rag‘batlantirildi.
Shuningdek, forumda Prezident topshirig‘iga asosan, parta, stol-stullar, oddiy va interaktiv doskalar, fizika, kimyo sinflari laboratoriya xonalari uchun va boshqa zarur jihozlardan iborat “Sovg‘alar karvoni”, ya’ni umumiy qiymati 15 milliard so‘mlik o‘quv jihozlari viloyatdagi ta’lim muassasalariga topshirildi.




Forum yakunida taniqli san’atkorlar, viloyat madaniyat boshqarmasining ijodiy jamoalari tomonidan bayram konserti namoyish etildi. Musiqiy chiqishlar, ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar ishtirokchilarga yuqori ko‘tarinkilik, bayramona kayfiyat ulashdi.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari