Urush qatnashchilariga Prezident tabrigi yetkazildi
Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan Buxoro shahri hokimi Jamol Nosirov keng jamoatchilik vakillari ishtirokida shaharda istiqomat qilayotgan II jahon urushi qatnashchilariga Prezidentimiz tabrigini yetkazish maqsadida urush faxriylari xonadonlarida bo‘ldi.
Dastlab ichki ishlar organlari faxriysi, iste’fodagi mayor Ahmad Muhsinov xonadonida bo‘lib, otaxonni bayram bilan tabrikladi. Samimiy tilaklar bildirib, pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alarni taqdim etdi.

Ko‘ksini orden-medallar bezab turgan Ahmad Muhsinov navqiron 19 yoshida Buxoro shahridan harbiy xizmatga, aniqrog‘i frontga yo‘l olgan edi.
Urushdan so‘ng uning qariyb 20-yillik faoliyati ichki ishlar tizimida kechdi. U yurt tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida turli lavozimlarda ishladi.

Keyingi manzil Sobir Rahimov mahallasi, Shofirkon ko‘chasi 22-uyda istiqomat qiluvchi Norboy ota Qarshiyev ham “Jasorat” medali, Ikkinchi darajali Vatan urushi ordenlari bilan taqdirlangan. Urush yillarida oddiy askar sifatida jang qilgan.
“Shirbudin” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Reyda Resutova hamda A.G‘ijduvoniy mahallasida yashovchi Katize Menseitovalar ham urushning olovli yillaridan omon qolgan kam sonli vatandoshlarimizdan. Ularning barchasi bugun davlatimizning mehr-u ardog‘ida umrguzaronlik qilmoqda.

Mutasaddilar tomonidan ularga ham Prezident tabrigi yetkazildi. Duoga qo‘l ochilib, tinch va farovon kunlarga shukronalar aytildi.
Buxoro tumani hokimi Anvarjon Ochilov ham II jahon urushi qatnashchisi Fayzullo Hojiyev xonadonida bo‘ldi.

Hokim urush faxriysi holidan xabar oldi. Fayzullo ota bilan dildan suhbat qurdi. Urush xotiralari yodga olindi. Bugungi tinch va osoyishta kunlarga shukronalar aytildi. Tuman hokimi Prezidentimizning bayram tabriklarini o‘qib eshittirdi. Pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alarni topshirdi.
Bu e’tibordan ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilgan urush faxriysi duoga qo‘l ochib, tinchligimizga shukrona keltirdi. Xalqimizga, Prezidentimizga tinchlik, sog‘lik salomatlik tiladi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri