Urug‘lik don yetishtirish: yutuq va muammolar
Andijonda urug‘lik don yetishtirilayotgan g‘alla maydonlarida dala aprobatsiya ko‘rigini o‘tkazishga bag‘ishlangan hududiy o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan 250 nafardan ziyod soha mutaxassislari ishtirok etdi.

Seminarda urug‘lik don yetishtirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, yutuq va muammolar, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritildi.
O‘quv-amaliy seminar ishtirokchilari dastlab Oltinko‘l tumanidagi “Andijondonmahsulotlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi urug‘lik sexi faoliyati, mavsumga tayyorgarlik borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti tajriba maydonlarida sinovdan o‘tkazilayotgan kuzgi yumshoq bug‘doyning xorijiy va mahalliy navlarini ekologik nav sinovi, birlamchi urug‘chilik tizimi hamda tajriba maydonlarida joriy etilgan tomchilatib sug‘orish loyihasi bilan tanishdi.

-- Urug‘lik don yetishtirish qishloq xo‘jaligi rivoji, umuman, yurtimiz iqtisodiyotini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etadi, - deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ravshanbek Siddiqov. - Shu ma’noda o‘tkazilgan ilmiy-amaliy seminar mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga, yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ommalashtirishga yordam beradi.

Anjumanda Qishloq xo‘jaligi vazirligining Qishloq xo‘jaligi ekinlari yetishtirish agrotexlogiyasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Ortiqov, G‘allachilik va dukkakli don ekinlari boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Abdullo Mansurov, Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash markazi raisi Sherali Nurmatov, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi xuzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat inspeksiyasi boshqarma boshlig‘i Murodjon Kurbonboyev, respublika “Urug‘chilikni rivojlantirish markazi” direktori Shuhrat Mamajonov, Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti direktori Ravshanbek Siddiqovlarning “Boshoqli don ekinlari urug‘lik maydonlarini aprobatsiyadan o‘tkazish tartibi”, “Respublikada ekilayotgan boshoqli don ekinlari navlari va ularni hududlarning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqib joylashtirish”, “Yangi yaratilayotgan va istiqbolli g‘alla navlarini Davlat nav sinash uchastkalariga topshirish va sinovdan o‘tkazish” kabi mavzularga oid ma’ruzalari tinglandi.

Ishtirokchilar tomonidan ma’ruzalar, shuningdek, mavzu doirasidagi ishlar samaradorligini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi. Mavzu bo‘yicha ishtirokchilarni qiziqtirgan barcha savollarga mutaxassis va mutasaddilar batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA