Unutmaylik, qonun barchaga barobar
Ertalab shoshilib ishga ketayotganingizda, metro bekatiga kirishingiz bilan turniket yonida turgan ichki ishlar xodimi sizni “Assalomu alaykum” deb qarshi oladi va “Marhamat, o‘tavering” deya mulozamat ham ko‘rsatadi. Uning xushmuomalaligidan kayfiyatingiz ko‘tarilib, ishingiz yanada unumli bo‘ladi. Ha, bir paytlar ichki ishlar xodimlari oddiy fuqarolarga salom berish u yoqda tursin, ularning bergan salomiga javob qaytarishni ham o‘zlariga ep ko‘rishmasdi. Mana, odob qoidalariga rioya etsa bo‘larkan-ku!
bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda hokimiyat vakilining, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilib, jarima miqdorlari oshirilgani qizg‘in muhokama qilinmoqda. Endilikda bunday xatti-harakatlar BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha jarima (ilgari faqat 50 baravarigacha);1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash (ilgari 1 yilgacha);1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (ilgari 1 yilgacha).
Ma’lumotlarga ko‘ra, bunday choralar qo‘llanishiga huquqni muhofaza qiluvchilarning qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatish soni oshib borayotgani sabab qilib ko‘rsatiladi. Ichki ishlar organlari xodimlarining huquqbuzarliklarni to‘xtatish, hujjatlarni tekshirish uchun taqdim etish, transport vositasini to‘xtatish kabi qonuniy talablarni bajarmaslik borasida 2018 yili 24 ming 185 ta ma’muriy huquqbuzarlik qayd etilgan. Ushbu ko‘rsatkich 2019 yilda 29 ming 575 tani, 2020 yilda esa 38 ming 911 tani tashkil etgan.
Shuningdek, qo‘llanilgan jazo choralariga qaramasdan fuqarolar tomonidan 2018 yilda 972 ta, 2019 yilda 2265 ta, 2020 yilda esa 4169 ta ma’muriy huquqbuzarlik takroran sodir etilgan.
Biz qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda yashayapmiz. O‘zbekistonning har bir fuqarosi Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishi, boshqa fuqarolarning huquqlari, erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart. Afsuski, ayrim kimsalar so‘nggi vaqtlarda hatto huquqni muhofaza qiluvchilarga tajovuz qilishdan ham tap tortmayapti.
Shu o‘rinda, internetdagi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fuqarolar va ichki ishlar organlari xodimlari ishtirokidagi bir videolavhaga e’tibor qaratsak. Joriy yilning 28 avgust kuni Yangihayot tumani IIO FMB patrul-post xizmati xodimlari Hikmatilla I. va Farhodjon X. “Sputnik 15” massividagi 12-son avtobus parki yaqinida xatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan ikki nafar fuqaro – 27 yoshli Tursunboy N. va 30 yoshli Ulug‘bek G.ni ko‘rib qolishadi.
Xodimlar fuqarolarning yoniga kelib, o‘zlarini tanishtirgach, jamoat joyida niqobsiz yurish ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanishi haqida ogohlantirishadi. So‘ng fuqarolarning shaxslarini aniqlash maqsadida ular tuman IIO FMB ichki ishlar bo‘limiga taklif qilinadi. Ammo yigitlar bunga javoban qo‘pol tarzda qarshilik ko‘rsatib, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysinmaydi. Tursunboy boshi bilan Hikmatilla I.ning burun qismiga zarba berib, unga shikast yetkazadi. Tursunboy va Ulug‘bekning voqea joyiga yetib kelgan patrul-post xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olinish jarayoni videoga tushib qolgan. Huquqbuzarlar IIBga, jabrlanuvchi esa – tibbiyot muassasasiga yetkazilgan.
Mazkur fakt bo‘yicha to‘plangan hujjatlar asosida Yangihayot tumani prokuraturasi tomonidan Tursunboy N.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi («Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Yuqoridagi misoldan ham ko‘rinib turibdiki, ichki ishlar xodimining qonuniy talabini bajarmaslik va unga tan jarohati yetkazish jazosiz qolmaydi. Bu holat har birimizga saboq bo‘lishi kerak.
Zero, biz huquqiy demokratik jamiyatda yashamoqdamiz. Bunday jamiyatda esa qonun talablari hamma uchun bir. Biz o‘z fuqarolik huquq-erkinliklarimiz bilan bir qatorda burch-majburiyatlarimizni bilishimiz, eng avvalo, amaldagi qonun va huquqiy me’yorlar talablariga bo‘ysunishimiz shart ekanligini ham aslo unutmasligimiz lozim.
Zuhra IBRAGIMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri o‘rinbosari,
“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari