Unut bo‘lmas otalar yodi...
Insonda shunday tuyg‘ular borki, uni ma’nan, ruhan yuksaltiradi. Xotira, qadr ham ana shulardan biri. Hayot davom etarkan, bu ikki tushunchaning mazmun-mohiyatini teran anglab boraveramiz. Yurtimizda 9 mayni Xotira va qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlanayotgani ham bejiz emas. Unda buyuk qadriyatlar, xalqimizga xos bo‘lgan fazilatlar mujassamdir.
Xotira. Bu so‘zni tilga olishimiz bilan quloqlarimiz ostida o‘tmishning zalvorli zanjirlari og‘ir-og‘ir jaranglab, goh shukuhli, goh musibatli kunlarning dam jo‘shqin, dam hazin sadolari yangrayveradi, moziy sirlari xayolan chulg‘ayveradi. Xotiraga aylangan qirg‘inbarot yillar, shu yillarga aloqador odamlar qismati esa yuraklarni o‘rtayveradi.
Ikkinchi jahon urushi haqida gapirganimizda tomog‘imizga alam, faryod tiqilib, so‘zlagani qo‘ymaydi. Axir, bu mudhish urush sabab millionlab odamlarning yostig‘i bevaqt quridi, qanchalab yetim-yesirlar achchiq, alamli ko‘z yoshlari bilan ulg‘aydilar. Azob-uqubat, ochlik azoblari unutilishga loyiqmi?! Bir emas, bir necha norg‘ulini urushga jo‘natib, “bolam ana kirib keladi, bolam mana kirib keladi, hademay diydorlashaman”, degan ilinjda lahzalarni soatlarga, soatlarni oy-u yillarga ulagan onaizorlar qismati, janggohlarda halok bo‘lgan, bir oyog‘i yoki qo‘lidan ajralgan, tanasida o‘q parchasini hozirgacha ko‘tarib yurishga, nafaqat tandagi, balki qalbdagi tuganmas og‘riqni ko‘tarib yurishga majbur bo‘lganlar taqdiri urush deb nomlangan baloga qarshi bosh ko‘tarishga undamaydimi?!
Bir qizning qo‘lidan tutmay, chimildiq ko‘rmay, jahannam janglarida o‘qqa uchgan navqironlar bugun hayot bo‘lganida balki nabirasini bag‘rida erkalab o‘tirarmidi? Boladay beozor kampiringiz atrofingizda parvona bo‘lib, aylanib-o‘rgilarmidi-ya, degan o‘y parmalaydi qalblar tubini. Biroq umidlar hech qachon so‘nmagay. Qalbimizdan bir sas otilar: “Ularning qahramonliklarini, jasoratlarini avlodlarimiz unutmagay. Unut bo‘lmas otalar yodi, unut bo‘lmas u kunlar shuhrati”.
1941-1945 yillardagi urush davrida mamlakat boshiga tushgan og‘ir sinovlar O‘zbekistonning boshqa hududlari kabi Farg‘ona viloyatiga ham katta ta’sir qildi. Urush boshlangach viloyatdan 150 mingdan ortiq kishi Ikkinchi jahon urushiga safarbar qilindi. Ulardan 54 ming 981nafari halok bo‘lgan, ayrimlari bedarak yo‘qolgan. 14 ming 912 nafar farg‘onalik jangda ko‘rsatgan mardligi, jasoratlari uchun Ittifoq Qahramoni hamda jangovor orden va medallar bilan taqdirlandi.
Arxiv zarvaraqlariga bitilgan shonli tariximizni o‘rganar ekanmiz, urush boshlangan dastlabki davrlarda viloyatga front oldi chiziqlaridan jami 1 ming 280 dan ortiq, keyingi davrlarda esa yana minglab bolalar viloyatda tashkil qilingan bolalar uylariga ko‘chirib kelinganligiga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, 1941-1942-yillarda 10 ta bolalar uyi ko‘chirib keltirildi.
Inson bor ekan, xotira muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan chiqarmaydi.
Kunlar kunlarni, yillar yillarni quvib, bu ko‘hna charxi falak shu sirli koinot yaralganidan beri aylangani aylangan. Ayni shu insonning abadiy-boqiy emasligi ongimizda xotira degan tushunchani paydo qilgan bo‘lsa, ajab emas. Negaki, xotiragina o‘tganlarni eslash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, uni yanada boyitish imkonini beradi. Xotira – odamlarning vafotidan keyin ham bu dunyoda yashab qolishi uchun imkon beradigan birdan-bir imkondir. Binobarin, ortda qolganlar xotirasida yashashga intilish ilinji kishini tarbiyalaydi. Uni ezguliklarga, kishilarning biror koriga yarab qolishga, umrni zoye ketkazmaslikka undaydi. Xalq hech qachon yaxshi farzandlarini esdan chiqarmaydi. Xalqning xotirasiz yashashi aslo mumkin emas. Bu har qanday kishini ma’nan rag‘batlantiradi, uni yashashga, yaratishga, elu-yurtga sadoqat va qat’iyat bilan xizmat qilishga undaydi. Zero, xotira hamisha muqaddas, qadr azizdir.
Dilbarxon Mamajonova,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O‘zXDP fraksiyasi a’zosi
O‘zA