Universitetlar o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Navoiy davlat universitetida Toshkent davlat agrar universiteti rektori Narzullo Oblomuradov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda oliy ta’lim tizimida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar va talabalar akademik mobilligini rivojlantirish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Hujjatda qo‘shma ta’lim va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, innovatsion tadqiqotlar hamda startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, professor-o‘qituvchilar va talabalarning akademik almashinuvini kengaytirish, malaka oshirish va tajriba almashish dasturlarini tashkil etish, shuningdek, ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasini mustahkamlash bo‘yicha izchil hamkorlik ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, memorandumda suv resurslaridan samarali va oqilona foydalanish, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish, suvni tejash, hisoblash va boshqarish sohalariga innovatsion yechimlarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma ilmiy-amaliy hamda ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga sun’iy intellekt, robototexnika va raqamli texnologiyalarni qishloq xo‘jaligi sohasiga tatbiq etish, mazkur yo‘nalishlarda mutaxassislar malakasini oshirish, ilg‘or tajriba va ekspertizani o‘zaro almashish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida belgilandi.
Uchrashuv davomida Navoiy davlat universiteti rektori, professor Muhiddin Kalonov universitetning barpo etilayotgan yangi zamonaviy kampus qurilishi, uning konsepsiyasi va istiqbolli loyihalari haqida ham batafsil ma’lumot berdi.
A.Bo‘riyev, O‘zA