Umumiy QQSning katta qismi umumiy ovqatlanish va turizm sohasiga qaytarilgan
Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, joriy yil boshidan 32,3 milliard so‘m soliq to‘lovlari turizm, umumiy ovqatlanish hamda qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi tadbirkorlarga qaytarildi. Bu chora tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, soliq yukini kamaytirish va sohadagi faoliyatni rivojlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, byudjetga to‘langan qo‘shilgan qiymat solig‘ining (QQS) qaytarilishi quyidagi tartibda amalga oshirildi. Turoperatorlar va mehmonxonalar: 15 ta turoperatorga 273,1 million so‘m va 99 ta mehmonxonaga 1,6 milliard so‘m, umumiy ovqatlanish korxonalari: 587 ta korxonaga 25,6 milliard so‘m, chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklari: 28 ta korxonaga 1,1 milliard so‘mni tashkil etadi. Zargarlik korxonalari 111 ta korxonaga 3,7 milliard so‘m QQS qaytarildi.
Shu bilan birga, tahlildan ko‘rinadiki, umumiy QQSning katta qismi umumiy ovqatlanish va turizm sohasiga qaytarilgan. Bu esa ushbu sohalarda faoliyat yurituvchi tadbirkorlar uchun likvidlikni oshirish va yangi investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini yaratadi.
QQSning o‘z vaqtida qaytarilishi tadbirkorlar uchun qo‘shimcha moliyaviy oqim yaratadi. Sohada raqobatni oshiradi va xizmat sifati yuqori bo‘lishiga xizmat qiladi. Kichik va o‘rta biznesning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashadi.
Sh.Mamaturopova,
O‘zA